- Xorijda ishlayotgan fuqarolarning oilasiga 540 ming so‘mdan pul beriladi. Bu imkoniyatdan kimlar foydalanishi mumkin?
- Joriy yil 1 martdagi «Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya hamda Qozog‘istonning tegishli hududlarida (12 ta) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.
Mazkur hududlarning har biriga kamida 2 nafar vakil biriktiriladi. 2022 yil 1 maydan har yili hokim yordamchilari yozma tavsiyanomasiga asosan boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» (daftarlar)dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 million 350 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA