Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchisi – xalq ko‘makchisi
17:15 / 2022-12-15

Termizdagi “Muhtasham saroy” to‘yxonasida Surxondaryo viloyatidagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari uchun “Hokim yordamchisi – xalq ko‘makchisi” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda mahallalarni har taraflama rivojlantirib, aholi farovonligini ta’minlash, odamlarning turmush darajasini oshirib, kambag‘allikni qisqartirish muhim vazifa sifatida belgilab olingani ta’kidlandi.  

Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrdagi "Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida"gi farmoni, "Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori  bu boradagi ishlarni yangi tizim asosida yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shunga muvofiq, har bir mahallada hokim yordamchisi shtati joriy etilib, mahallabay ishlash yo‘lga qo‘yildi.  

Viloyatdagi 723 mahallada faoliyat yuritgan hokim yordamchilari yil boshidan uyma-uy yurgan holda mahalla fuqarolarining yashash tarzi va muammolarini o‘rganib, yetarli ma’lumotga, doimiy daromadini yaratish haqida tegishli tasavvurga ega bo‘ldi. Bu jarayonda vohadagi mavjud 493,9 ming xonadonni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni 4 ta toifaga ajratib oldi.  

Xatlov yakunida 36 ming 588 tasi yoki 7,4 foizi birinchi toifaga, 252 ming 270 tasi yoki 51,9 foizi ikkinchi toifaga, 35 ming 2 tasi yoki 7,1 foizi uchinchi, 170 ming 49 xonadon yoki jami xonadonlarning 34,6 foizi to‘rtinchi toifaga mansubligi aniq bo‘ldi. Shuningdek, jami aholining 78 ming 204 nafari mehnatga layoqatsizligi aniqlandi. 27 ming 800 nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish, 53 ming 563  nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi.  

Yangi tizim asosida hududlarni mahallabay rivojlantirishning yo‘lga qo‘yilgani odamlarning daromad manbaini oshirib, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Jumladan, aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish orqali qariyb 203 ming kishining bandligi ta’minlandi. O‘zini o‘zi band qilish evaziga 68 ming 741 fuqaro ro‘yxatga olindi. 83 ming 105 nafari doimiy ishga joylashdi. 27 ming 785 nafari yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish hisobiga va 13 ming 327 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. 6 ming 389 nafari yangi yaratilgan doimiy ish joylariga joylashtirildi. 31 ming 233 nafariga ijara asosida yer ajratildi.  

Yakunlanayotgan yilda hokim yordamchilarining xonadonbay o‘rganishi natijasida “Onlayn mahalla” platformasiga 53 ming 303 nafar fuqarodan 1 654 milliard so‘mlik kredit olish bilan bog‘liq ariza kelib tushgan. Ularning 48 ming 882 tasiga ijobiy tavsiyanoma berilib, 35 ming 228  xonadonga “Har bir oila-tadbirkor” dasturi asosida 858,5 milliard so‘m kredit ajratildi. 1 ming 924 fuqaroga 6445,3 million so‘mlik subsidiya mablag‘i ajratilib, 132 xonadonda yengil konstruksiyali issiqxona o‘rnatildi. 1 ming 248 nafar fuqaroga asbob-uskuna, mehnat qurollari olib berildi. 307 nafariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga kiritgan ulushi hamda 316 nafariga hunarmandchilik uyushmasiga a’zolik badali to‘lab berildi.  

Hokim yordamchilari aholining tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashib, qiymati 885,1 milliard so‘mlik 2 ming 245 ta kichik loyiha o‘rniga qiymati 617,9 milliard so‘mlik 1 ming 988 ta kichik loyihani ishga tushirdi. Natijada 6 ming 637 ta o‘rniga 8 ming 573 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ish bilan band bo‘lmagan 25 ming 858 nafar yoshlar va xotin-qizlar kasb-hunar hamda tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitildi.  

Bayramona ruxda o‘tgan tadbirda ana shu haqida atroflicha fikr almashilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Viloyat hokimi o‘rinbosari A.Oripov mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilarini viloyat hokimi nomidan yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi. Eng faol hokim yordamchilarining bir guruhi esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

San’atkorlarning konsert dasturi tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri