Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchisi tashabbuskor bo‘lsa, mahallada muammo qolmaydi
13:41 / 2023-01-27

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Mingchinor mahallasi aholisi ko‘p yillar elektr energiyasidan aziyat chekib keldi. Chunki, yakka tartibda uy qurgan odamlar xonadonlariga o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib yog‘och ustun o‘rnatdi. Duch kelgan joydan turli o‘lchamdagi elektr simlarini tortdi. Belgilangan me’yorlar asosida o‘rnatilmagan yog‘och ustunlar, elektr simlari yillar o‘tishi bilan yaroqsiz holga kelib qoldi. Mahallada yangi uy-joylar qurilishi evaziga transformator ham zo‘riqish bilan elektr energiyasi uzatdi. Bu holatlar tez-tez nosozlik kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Hududda beshta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan tuman tibbiyot birlashmasining hududiy bo‘limi ham bor. Mo‘’jazgina 10 o‘rinli tug‘uruq va 10 o‘rinli bolalar terapiyasidan iborat shifoxona ta’mirtalab bo‘lib qolgan edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimi hamda “Tashabbusli byudjet” loyihasi joriy etilgach bu muammolar o‘z yechimini topdi.  

Mahallada Akram Turdiyev hokim yordamchisi lavozimida ish boshlagach aholi murojaatlari asosida bu masalalarning yechimini izlay boshladi. O‘tgan yili aholi bilan maslahatlashgan holda dastlab mahalladagi shifo maskanini tubdan rekonstruksiya qilish uchun “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi bosqichida ishtirok etdi. Yetarli ovoz to‘plab 800 million so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritdi.  

–Tumanning tog‘li hududiga yaqin bo‘lgan mahallamizda barpo etilgan bu shifo maskani jiddiy ta’mirga muhtojligini mutasaddilar bilsada mablag‘ masalasi yechilmagani uchun orqaga surilib kelayotgan edi, – deydi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi Akram Turdiyev. – Aholiga bunday ijtimoiy muammolarni hal etish uchun mamlakatimizda mazkur loyiha ishga tushganini aytib, u ovoz berish yo‘li bilan oshkora hal bo‘lishini tushuntirdim. Bu jarayonda ishtirok etish uchun “Ochiq byudjet” axborot portalida ro‘yxatdan o‘tib, o‘z taklifimizni qoldirdik. Belgilangan muddatda taklifimiz ishchi guruh tomonidan moderatsiyadan o‘tgach, axborot portali orqali ovoz berish boshlandi. G‘olib bo‘lganimizdan so‘ng rekonstruksiyaga yetarli mablag‘ moliyalashtirib berildi.  

Tibbiyot bo‘limida 85 nafar tibbiyot xodimi bemorlarga xizmat ko‘rsatadi. Bo‘lim bosh shifokori Rustam Mavlonovning aytishicha, olingan mablag‘dan samarali foydalanilib shifo maskani binosi mahallaga ko‘rk bag‘ishlaydigan yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatdi. Quruvchilar barcha ishlarni tez va sifatli bajardi. Tibbiyot xodimlari uchun ham, bemorlar uchun ham yetarli sharoit yaratildi.  

Mahalladagi 917 xo‘jalikda 5 ming 434 kishi istiqomat qiladi. Mahalladagi hokim yordamchisi ularning elektr energiyasi ta’minotidagi avariya holatlaridan chekayotgan aziyatini ham “Ochiq byudjet” axborot portali orqali hal etishga bel bog‘ladi. O‘tgan yili “Tashabbusli byudjet” loyihasining ikkinchi bosqichida qatnashib, yog‘och elektr ustunlarni beton ustunlarga almashtirish va yangidan elektr simlarini tortish uchun bir milliard so‘m mablag‘ g‘olibiga aylandi.  

–Ajratilgan mablag‘ evaziga 8 kilometr masofadagi yog‘och ustunlar to‘liq almashtirilib, yangi elektr simlari tortiladi, – deya suhbatni davom ettiradi Akram Turdiyev. – Shuningdek, bu mablag‘dan tashqari, tuman elektr tarmoqlari korxonasi ikkita transformator o‘rnatib beradi. Shu kunlarda beton ustunlar o‘rnatilmoqda. Bu ishlar yakuniga yetgach mahallamizdagi har bir xonadon yetarli kuchlanishga ega elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.  

Mahalla aholisi ko‘p yillik orzulari ushalayotganidan behad mamnun. Demak, endilikda qaysi mahallada hokimning tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi xalq dardu tashvishi bilan yashab, tashabbuskorlik ko‘rsatsa, o‘sha hudud ijtimoiy muammolardan xoli, obod va farovon maskanga aylanadi. Mingchinor mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bunga  yaqqol misoldir.  

 

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri