FOTOREPORTAJ
Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida hokim yordamchilari tomonidan turli sohalar kesimida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Buni Yangi Namangan tumani “Mehnatobod” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisi Komiljon Umarovning sa’y-harakatlari samarasida ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, hokim yordamchisining hududda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlari e’tiborga molik.
[gallery-8138]
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Tohirjon Bilolov hokim yordamchisi ko‘magi bilan imtiyozli kredit olib, echkichilikni yo‘lga qo‘ydi. Bundan tashqari u xonadonida manzarali qushlar, kabutar, tovuq va kurka parvarishlamoqda.
Mahalla fuqarolaridan yana biri Hamidulla Ubaydullayev “Ubaydullayev Hamidulla Muydinovich” oilaviy korxonasini tashkil etib, oila a’zolari bilan qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ayni paytda 8 kishi mehnat qilayotgan ushbu korxonada kuniga 250 kilogrammgacha shokolad tayyorlanib, ichki bozorga yetkazib berilmoqda.
Sharifaxon Mirahmedovaga esa hokim yordamchisi sa’y-harakati bilan tikuv mashinasi taqdim etildi. Hozirda u 5 nafar shogirdi bilan buyurtma asosida turli liboslar tikmoqda. Shuningdek, tadbirkor kooperatsiya asosida 15 nafar ayolni ish bilan ta’minlagan.
O‘zA fotomuxbiri
Hotam MAMADALIEV olgan suratlar