Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchisi: «Ishsizlikni bartaraf etish, kambag‘allikni butunlay yo‘q qilish uchun bor bilim va imkoniyatimni sarflayman»
08:01 / 2022-05-31

Mamlakatimizda iqtisodiy boshqaruv tizimini takomillashtirishning yangi yo‘nalishi – har bir mahallaga hokim yordamchisi lavozimi tashkil etildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularga moliyaviy ko‘maklashish, daromad keltiruvchi mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Buxoro viloyati Olot tumanidagi qo‘shni Turkmaniston bilan chegaradosh “Xidreyli” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisi Elbek Rahmatov ham aholining tadbirkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularga moliyaviy ko‘mak berib, Prezidentimiz tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlarni targ‘ib qilmoqda. Hudud aholisini daromad keltiruvchi mehnat bilan bandligini ta’minlab, aholi orasida kambag‘allikni qisqartirishga erishmoqda.

– Hokim yordamchisi ko‘magida yetti xazinaning biri sanalgan parrandachilik yo‘nalishida 86 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi, – deydi xidreylilik fuqaro Nizom Pirimov. – Natijada 1 ming 50 dona tovuq hamda 1 oylik ozuqasini oldik. 3 kishi doimiy ish bilan band bo‘ldi. Bu orqali el dasturxoniga kuniga 450-500 dona arzon tuxum yetishtirib beryapmiz. Orzularimiz bisyor. Ikki nafar farzandim bor. Ularni shu mehnatimiz orqali o‘qityapmiz.

– Aholi dasturxoniga arzon baliq mahsulotlarini yetishtirib berish maqsadida tashabbuskor 3 nafar hududimiz fuqarolari tomonidan sun’iy hovuzlar tashkil etildi, – deydi “Xidreyli” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Elbek Rahmatov. – Tadbirkorlar tomonidan baliq chavoqlari keltirilib hovuzga tashlandi. Bu orqali 7 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Mahalladagi kam ta’minlangan oilalar daromadini oshirish maqsadida bal-boniteti past yerlar ochiq auksion savdolariga qo‘yildi. Aholiga ijaraga berildi.

– Ekin maydoni sifatida foydalanishga yaroqsiz yerdan 6,5 gektar yer maydoni sabzavot poliz yo‘nalishida auksion savdosi orqali tarqatildi, – deydi hudud fuqarosi Saylon Vaisov. – Auksion savdolari orqali yerni oldim. Oila a’zolarim bilan sabzavot mahsulotlarini ekdik. Yaqin kunlarda mahsulotlarimiz tayyor bo‘ladi. O‘zimiz mahsulotlarni bozorga olib chiqib sotamiz. Oilamizga daromad olib kelamiz.

– Bir yil davomida bankka murojaat qildim, afsuski, imtiyozli kredit ololmadim, – deydi Armonjon Erkinov. – Hokim yordamchisi tashabbusi bilan 3 kunda 33 million so‘m imtiyozli kreditni qo‘lga kiritdim. Natijada maishiy yuvish vositalari ya’ni xo‘jalik sovuni, kir yuvish kukuni, suyuq sovun va kir yuvish vositasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Ayni kunda 5 xil mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarimiz asosan, hududimizdagi do‘konlarda hamda bozorda sotilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ham xaridorlarimiz bor. Bir kunda 3 tonnagacha mahsulot ishlab chiqariladi. 2 ta tengdoshimni ishga oldim.

– 2,5 sotix tomorqamizda issiqxona tashkil etdik, – deydi hududda yashovchi Gulandom Hotamova. – Joriy yilning yanvar oyida pomidor ko‘chatlarini o‘tqazdik. Ayni kungacha bir tonnadan ziyod hosil yig‘ib oldik. 20 million sof foyda bo‘ldi. Endilikda bodring ko‘chatlarini o‘tqazishni rejalashtiryapmiz. Mehnatimiz evaziga Olot tumani markazidan subsidiya asosida 3 xonali uy oldik. 5 nafar farzandim bor. Farzandlarimning orzu havasini mehnatimiz orqali amalga oshiramiz.

Quvonarlisi, hududda o‘tgan davr mobaynida hech qanday jinoyat sodir etilmagan.

– Hududdagi mavjud xonadonlarda hokim yordamchisi bilan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boramiz, – deydi profilaktika inspektori, leytenant Bobir Davronov. – Aholining yashash sharoiti doimo o‘rganib boriladi. Ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida yechishga harakat qilamiz.

Tinib-tinchimas hokim yordamchisi Elbek Rahmatov hududdagi har bir oila muammolarini uyma-uy yurib o‘rganishdan charchamaydi. Uning maqsadi yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, daromad keltiruvchi mehnat bilan bandligini ta’minlashdir. Mahalla ahli hokim yordamchisi faoliyatidan juda mamnun.

– Men bildirilgan ishonchni albatta oqlayman, – deydi Elbek Rahmatov. – Xalqimiz, jumladan, mahallamiz aholisi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ishsizlikni bartaraf etish, kambag‘allikni butulay yo‘q qilish uchun bor bilim va imkoniyatimni sarflayman.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA