Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, yurtimiz mustaqilligini mustahkamlash va uni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi, jamoat ishlarida faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. Ular orasida Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Mirsaid Bahrom” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Behzod Savurov ham bor.
Behzod mustaqillik farzandi. U 1993 yil 15 sentyabrda viloyatning Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. Oliygohni tamomlagach, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat kengashida ish o‘rganuvchisi, Karmana tuman kengashi rais o‘rinbosari, tuman Kengashi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib faoliyat olib bordi. Intiluvchanligi, tashabbuskorligi va tashkilotchiligi bois 2015 yilda u Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Karmana tuman bo‘linmasi rahbari etib tayinlandi. Shuningdek, ish faoliyati davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomladi.
2022 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda hokim yordamchisi lovozimi joriy etilgach, Karmana tumani “Mirsaid Bahrom” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida ish boshladi.
– Behzod mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning muammolari o‘z vaqtida ijobiy hal etilishida, aholini ishga joylashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda, – deydi mahalla raisi Shokir Karimov. – Avvallari mahallamizda tadbirkorlik sub’ektlari ozchillikni tashkil etgan bo‘lsa, uning ko‘magida bugungi kunda yangidan o‘z ishini boshlagan tadbirkorlar soni 120 nafarga yetkazildi. Shuningdek, subsidiya mablag‘lari asosida ishsiz fuqarolarga asbob-uskunalar va mehnat qurollari berilib, ularning tadbirkorligi yo‘lga qo‘yilishiga yordam ko‘rsatildi. Hududdagi 1 kilometr ichki yo‘llar asfalt qilindi.
U 2019 yilda Oliy Majlisga hamda Xalq deputatlari viloyat va tuman, shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlarda tuman Kengashiga eng yosh deputat sifatida saylangan. B.Savurov deputatlik faoliyati davomida ham faol bo‘lib, mahallada o‘tkaziladigan tadbirlar va obodonlashtirish ishlarida tashkilotchiligi bilan ajralib turadi. Mahallada istiqomat qiladigan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, hududni obodonlashtirish, yolg‘iz keksalar va nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida tashabbus ko‘rsatadi.
– Yurtimizda biz kabi yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, barcha sohalarda o‘z iqtidorimiz hamda salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi B.Savurov. – Biz yoshlar yaratib berilayotgan imkoniyatlarga javoban ulardan samarali foydalangan holda yurtimiz rivojiga, aholi turmush farovonligini ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Mahallamizda 2600 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallamiz drayveri sifatida xizmat ko‘rsatish sohasi belgilangan. Shuning uchun hududdagi ob’ektlar tadbirkorlarga foydalanish uchun berilmoqda va ishga tushirilmoqda. Mahalla hududida bo‘sh turgan binolarga tadbirkorlarni jalb etish orqali yangi savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi. Yangi loyihalarni ishga tushirish va imtiyozli kreditlar ajratilishi hisobiga 200 taga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.
Bugungi kunda B.Savurov fidoyiligi, kamtarligi, tashkilotchilik va tashabbuskorligi bilan mahalla ahli va tuman jamoatchiligining hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda. Yurtimizda qilingan mehnat esa doimo qadrlangan. U ham bir qator yurtdoshlarimiz singari mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri