French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilarining bir yillik faoliyati va istiqboldagi vazifalari
20:02 / 2022-12-27

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida hokim yordamchilarining faoliyati va istiqboldagi  vazifalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ekspertlar, vazirliklar, idoralar, banklar, mahalliy hokimliklar, hokim yordamchilari va tadbirkorlar ishtirok etgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va boshqalar o‘tgan bir yil davomida hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng yo‘l ochganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir mahallada “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va shu orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan.

Anjumanda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev hokim yordamchilarining faoliyatini tahlil qilar ekan, bugungi kunda respublikadagi 9,3 mingdan ortiq mahallalarda iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda rahbar lavozimida ishlab kelgan iqtisodchilar hokim yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratdi.

– Hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish va baholab borish imkonini beruvchi hamda tegishli vazirlik va idoralar ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan “Onlayn mahalla” platformasi ishga tushirildi. Birinchi bosqichda hokim yordamchilari tomonidan mahallalardagi 6,9 million xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ko‘ra, 4 ta toifaga ajratib olindi. Xatlovda aholining kasb-hunarga o‘qish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, kredit olish va boshqa istaklari o‘rganib chiqildi. Hokim yordamchilariga yaratib berilgan sharoit va moliyaviy dastaklar qisqa davrda, ularga mahalla ahli bilan ijobiy munosabat o‘rnatish imkonini berib, aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari natijadorligini oshirdi. Hokim yordamchilariga bu masalalarni hal etish uchun 2022 yilda jami 12,5 trillion so‘m miqdorida moliyaviy instrumentlar manbalari shakllantirib berildi. Shu bilan birgalikda, 2,5 mingta mahalla chorvachilik, 1,4 mingta mahalla dehqonchilik, 800 ta mahalla bog‘dorchilik, 620 ta mahalla issiqxona, 230 ta mahalla hunarmandchilik, 470 ta mahalla kichik ishlab chiqarish, 2,2 mingta mahalla savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashganligi aniqlandi, – dedi  M. Ubaydullayev.

[gallery-10087]

Aytish joizki, hokim yordamchilari tomonidan mahallalardagi mavjud muammo va imkoniyatlar o‘rganilib, har bir mahalla bo‘yicha “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Tadbirda ular tomonidan amalga oshirilgan  ishlar sarhisob qilinar ekan,  2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 1,2 million nafar aholi doimiy ish joylariga joylashtirilishi, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 388 mingta loyihalarga 9 trillion so‘mlik kredit ajratilishi va aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob uskunalari olib berish bo‘yicha 174,0 milliard so‘mlik subsidiyalar ajratilishi alohida ta’kidlandi.

Anjumanda Farg‘ona shahar “Surxtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hokimi yordamchisi Ra’noHojibolayeva bilan suhbatda bo‘ldik.

– Muhtaram Prezidentimiz ishonchini oqlash va fuqarolarimizga qulay imkoniyat yaratish hamda ularning farovon hayotini ta’minlash bizning asosiy maqsadimizga aylandi. Shu sababli, Surxtepa mahallasi aholisi muammosini yechish va ularga zarur sharoitlar yaratish yo‘lida mehnat qilayotganimdan juda xursandman. bugungi anjuman men uchun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilarining yutuqlari bilan tanishish, ular bilan muloqot qilish va kelgusi rejalarni yanada puxta tuzishda amaliy yordam bo‘ldi, – dedi R. Hojibolayeva.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilariga kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishga 243 ming nafar fuqarolar yo‘naltirilib, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida 195 ming nafari o‘qishni tamomlagani, 48 mingdan ortiq "mahallabay" mikroloyihalarning 47 mingtasi ishga tushirilib, 232 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilgani xususida ma’lumot berildi. Buning natijasida mahallarda 84 mingta yuridik va 95 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Respublikamiz mahallalarida 20,6 ming kilometr ta’mirtalab ichki yo‘llar shag‘allashtirilishi, 10,6 ming kilometr yo‘llar asfaltlashtirilishi, mahalla hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l yoqasida 1,8 ming kilometr piyodalar yo‘lakchalari barpo etilishi, foydalanishga yaroqsiz holga kelgan 6,5 ming dona transformator, 178 ming dona sim yog‘ochlar va 151,7 ming dona tungi chiroqlar almashtirilishi kabi ishlarda ham hokim yordamchilarining  munosib hissasi bor.

Tadbirda hokim yordamchilarining “mahallabay” ishlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va muammolar hamda “mahallabay” ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan kelusidagi istiqbolli rejalari ham qizg‘in muhokama qilindi.

Anjuman ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri