English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilariga ish haqini kompensatsiya qilish bo‘yicha to‘lovlar nima sababdan kechiktirildi?
10:24 / 2022-07-29

Ma’lumki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etildi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, respublika vakillari tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari bilan birga markazlar hamda hokim yordamchilari faoliyatiga ko‘maklashadi. Har kuni bitta mahallaga chiqqan holda kamida o‘nta xonadonga shaxsan tashrif buyurib, mavjud holatni hokim yordamchilari bilan birga o‘rganadi, aholiga amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntiradi, aniqlangan muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi. 

Hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanadi.

Shuningdek, hokim yordamchilariga to‘lanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori nomzodning ushbu lavozimga ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda yetishmagan qismi hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilib boriladi. Ish faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan hokim yordamchilari va respublika vakillari  har oy mukofotlanadi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda hokim yordamchilariga ish haqini kompensatsiya qilish bo‘yicha to‘lovlarni kechikishi yuzasidan tarqalgan ma’lumotlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi  “Mahallada tadbirkorlikni   rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari  bo‘yicha  hokim yordamchilari faoliyatini  tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, hokim yordamchilarining avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining farqi bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari har oyda to‘lab berilmoqda. 

Xususan, 2022 yil iyun oyi uchun 9,6 milliard so‘m mablag‘lari hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan agentlikning barcha hududiy boshqarmalari hisob raqamlariga moliyalashtirilgan. O‘z navbatida, hududiy boshqarmalar tomonidan (Farg‘ona viloyatidan tashqari) mazkur mablag‘lar barcha hokim yordamchilarining bank kartalariga o‘tkazib berilgan. Xususan, Farg‘ona viloyatida bo‘lgan texnik nosozlik sababli kechikishlar kuzatilgan. Mazkur mablag‘lar joriy yil 29 iyul kuni o‘tkazib berilishi ta’minlanadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 49,9 milliard so‘m mablag‘ hududlarda hokim yordamchilariga ish haqini kompensatsiya qilish uchun o‘tkazib berilgan. 


Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA