O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi farmoni va «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Samarqand viloyatidagi 1120 ta mahallaga tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur lavozimga viloyatdagi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, moliya, g‘aznachilik, bandlik, pensiya, statistika, investitsiyalar va tashqi savdo, davlat soliq, monopoliyaga qarshi kurashish, tijorat banklari, xususan, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va qurilish komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarining mas’ul lavozimlarida faoliyat olib boruvchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlandi.
Hokim yordamchilarining 15 nafari o‘rta maxsus, 1099 nafari oliy ma’lumotga hamda 6 nafari tugallanmagan (sirtqi yo‘nalishda ta’lim olayotgan) oliy ma’lumotga ega. Oliy ma’lumotlilardan 93 nafari ikki va undan ortiq oliy ta’lim muassasalarini tugatgan salohiyatli kadrlardir.
1120 nafar hokim yordamchisidan 847 nafari (76 foizi) oliy iqtisodiy yo‘nalish bo‘yicha tayanch ma’lumotga ega.
Soha bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, 16 tuman va shahardagi mahalliy hokimliklar hamda uning huzurida ochilgan tashkilotlar rahbar va xodimlaridan jami 33 kishi hokim yordamchisi bo‘lgan.
Viloyatdagi 15 ta tijorat banklari va uning quyi tizimlaridan jami 199 nafar xodim hokim yordamchisi sifatida aholining muammolarini hal etishga bel bog‘lagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 maydagi «Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan “Mahallabay ishlash” markazlari tizimidan ham 128 kishi hokim yordamchiligiga o‘tgan.
Viloyatdagi turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan 120 nafarga yaqin xodim yangi vazifada ish boshladi.
Bundan tashqari, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarga keng imkoniyat yaratish maqsadida ham 40 nafar xotin-qizga hokim yordamchiligi ishonch bilan topshirildi.
Viloyat aholisi ko‘p millatliligi inobatga olinib, hokim yordamchilari orasida tub millatdan tashqari tojik, tatar, ozarbayjon millatiga mansublari ham mazkur lavozimga tayinlandi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tomonidan hokim yordamchilarining avvalgi ish joylariga muddatli mehnat shartnomasi asosida vaqtincha ishga qabul qilish uchun 330 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz)ga joylashtirildi. Ish izlab yurgan fuqarolar mazkur lavozimlarga belgilangan muddatlar ichida hujjat topshirish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, har bir hokim yordamchisini Davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirish onlayn platformasi (ilm.argos.uz)ga kiritish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida ular doimiy ravishda o‘zining malakasini oshirishi mumkin bo‘ladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga hokim yordamchilarini ish samaradorligiga qarab mamlakatimizning kadrlar bo‘yicha “Oltin fondi” hisoblanmish Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish yuklatilgan. Ularning ikki yillik mehnat faoliyati natijalariga ko‘ra lavozimini oshirish yuzasidan vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklarga takliflar kiritib borish belgilangan.
Yaratilgan imkoniyatlardan yana biri bu hokim yordamchilarini tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazishga ruxsat berilganidir.
O‘ylaymizki, hokim yordamchilari qisqa vaqt mobaynida ko‘p yillardan beri to‘planib qolgan aholi muammolarini bartaraf qiladi, ularni tadbirkorlikka o‘rgatish orqali farovon hayot kechirishiga zamin yaratadi va tom ma’noda xalq tayanchiga aylanadi.
Foziljon Axatov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining
Samarqand viloyat filiali yetakchi inspektori.
O‘zA