Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilari uchun foydali seminar
10:38 / 2025-11-19

Navoiy shahar hokimligida mahalladagi hokim yordamchilari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Unda shahar hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Haqberdiyev, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” mutaxassislari tomonidan yurtimizda kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kompaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar, imtiyozlar va yangi moliyaviy mexanizmlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda kompaniya tomonidan kafillik, xizmatlar ipotekasi, qarz yordami, ulush kiritish, resurs ajratish, kompensatsiya va qayta moliyalash kabi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.  

Hozirgi kunda 7 yilgacha qaytarish sharti asosida kichik tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha, o‘rta tadbirkorlarga esa 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki asbob-uskunalarni xarid qilish uchun ipoteka mexanizmlari mavjud. Shuningdek, kichik tadbirkorlar olgan 5 milliard so‘mgacha kreditlar uchun foiz stavkasining 5,4 foizgacha bo‘lgan qismi kompaniya tomonidan qoplab berilsa, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan 100 million so‘mgacha garovsiz mikrokreditlarning foiz qismi qayta moliyalashtirilishi mumkin.

Seminar davomida mutaxassislar loyihalarni rasmiylashtirish, kredit olish tartibi, biznes-reja tuzish va kompensatsiya olish jarayonlari bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi va ularga xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar, QR-kodlar hamda maslahat olish uchun murojaat manzillari taqdim etildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri