Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilari KPI pullari to‘lanmayotganini aytmoqda, ammo mas’ullar buni rad etmoqda, aslida-chi? 
13:03 / 2022-10-12

Bugungi kunda hokim yordamchilarining o‘z mahallasida amalga oshirgan ishlarini tegishli samaradorlik ko‘rsatkichlar asosida baholash mezoni (KPI) joriy etilgan. 2022 yilning 1-yarim yilligi uchun baholash metodikasiga muvofiq mezonlar belgilangan. Unga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan o‘z mahallasida fuqarolar orasida o‘tkazilgan xatlovning natijalari to‘g‘riligi, kiritilgan ma’lumotlarning aniq va ob’ektivligi uchun 15 ball, o‘z mahallasidagi ishsiz fuqarolarning bandligini doimiy, mavsumiy yoki jamoat ishlariga joylashtirish orqali ta’minlashidagi sa’y-harakatlari uchun 15 ball, norasmiy tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi fuqarolarni tegishli mas’ul davlat organlaridan o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar sifatida o‘tkazishdagi amaliy yordami uchun 12 ball bilan baholanadi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, hokim yordamchilariga to‘lanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori nomzodning ushbu lavozimga ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda yetishmagan qismi hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilinib borilishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, hokim yordamchilari o‘z mahallasida ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida kasb-hunar va tadbirkorlik o‘quv kurslariga yo‘naltirishdagi ishlari uchun 15 ball, o‘ziga yuklatilgan moliyaviy instrumentlardan (kredit, subsidiya)dan oqilona foydalangan holda yangi tadbirkorlik sub’ektlarining ochilishidagi amaliy faoliyati uchun 15/12 ball, fuqarolardan «Har bir oila – tadbirkor» davlat dasturi doirasida imtiyozli kreditlar olish bo‘yicha arizalarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish uchun 15 ball hamda fuqarolarning tadbirkorlik kooperativlarini tuzishdagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va tegishli moliyaviy instrumentlar (kredit, subsidiya) orqali yordam ko‘rsatishi uchun 6/3 ballni qo‘lga kiritishlari mumkin.

Shu bilan birga, hokim yordamchilarining muomala madaniyati, shijoati va tashabbuskorligi, tashkilotchilik qobiliyati, faoliyatidan qanoatlanishi tuman (shahar) hokimining moliya va iqtisod masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari va tuman (shahar)ga biriktirilgan respublika vakillari hamda tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbarlari tomonidan umumiy 10 ball bilan baholanadi. Umumiy hisobda hokim yordamchilarining samaradorlik ko‘rsatkichlari 100 ball bilan baholanadi.

AMMO...

Hududlarda faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilarining aksariyati mazkur lavozim egalariga KPI pullari to‘lanishi kechiktirilayotganini ma’lum qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida ushbu to‘lovlar to‘lanishi kechiktirilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning avgust va sentyabr oyi uchun oktyabrning 10 sanasida ham haq to‘lanmagan (ayrim hududlarda may-iyun oylari ham to‘lanmagan). Mazkur masala yuzasidan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi xodimi Saidahror Toshmatov quyidagicha fikr bildirdi, hokim yordamchilariga KPI pullari to‘lanishi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan o‘z vaqtida va hech qanday qarzdorliksiz amalga oshirilib kelinmoqda. KPI pullari to‘lanishi kechiktirilayotganini ma’lum qilayotgan viloyatlar bo‘yicha Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Hududiy bo‘linmalar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan o‘rganish olib borilgan va mavjud barcha muammolar bartaraf etilgan.

Bu borada tegishli idora mas’ullari muammolar bartaraf etilgan, der, ammo ma’lumotlarda ushbu to‘lovlarning to‘lanishi kechikayotgani aytilmoqda. Bu borada kim haq? Umid qilamizki, aniq holatga oydinlik kiritiladi.



Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA