Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilari ko‘magida aholi farovonligi ortmoqda
11:19 / 2023-11-29

Mamlakatimizda joriy etilgan “mahallabay” ishlash tizimi o‘zining amaliy samaralarini bermoqda. Xususan, Prezidentimizning tashabbusi bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab “Hokim yordamchisi” instituti joriy etildi. Natijada mahallalarda aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan bandlik masalasi, tadbirkorlikni rivojlantirish va shu orqali kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarga yechib topildi.

Farg‘ona viloyatida ham hokim yordamchilari tomonidan ko‘plab  ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, kambag‘allik darajasini qisqartirish choralari ko‘rilyapti.

Joriy yilning to‘qqiz oyida  323,5 ming nafar aholining daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi. 34,4 mingta loyihaga 623,9 milliard so‘m kreditlar, 4,8 ming nafar ishsiz fuqaroga asbob-uskuna va mehnat qurollari sotib olish uchun 17,5 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi, 10,9 ming nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.

Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Hozirga qadar 13  mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 4,5 mingdan ortiq “mahallabay” mikroloyihadan 2 ming 700 tasi ishga tushirilib, qariyb 11 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Viloyatda har bir mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.  

–Joriy yilning 9 oylik yakunlariga ko‘ra, hokim yordamchilarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tahlil qilinganda, viloyat bo‘yicha ko‘rsatkich 88,01 ballni tashkil etdi, – deydi viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Abdullayev.–O‘tgan davrda samarali faoliyat yuritgan 26 nafar hokim yordamchisi yuqori lavozimlarga tayinlandi. Har bir mahallaning “o‘sish nuqtalari” aniqlangan bo‘lib, shu asosda hududni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Yil yakuniga qadar hokim yordamchilari tomonidan xatlov davomida aniqlanib, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritilgan kambag‘al oilalar bo‘yicha individual dastur ishlab chiqiladi.

Toshloq tumanining “Suvboshi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sanobarxon Valiyeva 2022 yili “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, u oilaning doimiy daromad manbaini yaxshilash uchun qush boqishni tanladi. Shu tariqa unga mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 18 million so‘m miqdorida bank krediti ajratib berildi. Dastlab 15 juft qush boqish bilan o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan xonadon sohibasi bugungi kunda 50 juftga yaqin qushni parvarishlamoqda

Bag‘dod tumanining “Chekxitoy” mahalla fuqarolar yig‘inida ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlik ulushini qisqartirish maqsadida asalarichilik kooperatsiyasi tashkil etildi. Mahalladagi hokim yordamchisi Nurmatjon G‘oziyevning aytishicha, mazkur kooperatsiya orqali 20 ta oilada ish bilan band bo‘lmagan a’zolarning bandligi ta’minlandi va xonadonlarda kasanachilik asosida yetishtirilgan asal mahsulotini “Bag‘dod zamin asali” mas’uliyati cheklangan jamiyati kelishilgan narxda xarid qilib oladi.  

Shu mahallada yashovchi Muhammadali aka Fozilov bolalikdan beri suyak yemirilishidan aziyat chekadi – ikkinchi guruh nogironligi bor. Ammo bu holat akaning hayotga bo‘lgan muhabbatini so‘ndirmagan, aksincha halol mehnat bilangina farovonlikka erishish mumkinligini xonadon sohibi yaxshi biladi.

Mahalladagi hokim yordamchisi Muhammadali akaning tomorqasiga 3 quti asalari keltirib berdi. Bugungi kunda u asalarichilikni yo‘lga qo‘yib, yaxshi daromad olishni boshladi. Albatta, bu kabi xayrli ishlar odamlarni daromadli qilish, bandligini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.  

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA muxbiri