Farg‘ona viloyatidagi mahallalarda 1 ming 62 nafar hokim yordamchisi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular aholi farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikdan chiqarish, hududlarda kichik biznesni jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Har bir mahallaning “o‘sish nuqtalari” hududning an’analari va turmush tarzidan kelib chiqqan holda belgilab olindi. O‘tgan davrda hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 42 mingta loyihalarga 934 milliard so‘m imtiyozli kredit va 4 ming 200 dan ziyod ishsizlarga 16,2 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi. Shu bilan birgalikda 18 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi.

Kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha hokim yordamchilarining ko‘magi bilan 18 ming 100 ta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etildi. Qiymati 966,6 milliard so‘mlik 2 ming 900 ta “mahallabay” mikroloyihalar ishga tushirilib, 17 ming 800 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 3 ming 300 ta xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilgan bo‘lsa, 410 ta korxonalarga moddiy va huquqiy yordam berish orqali ularning faoliyati kengaytirildi. 293 ta past quvvatda ishlayotgan korxonalarning faoliyati tiklandi va ishlab chiqarish hajmlari oshirildi, 196 ta bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda esa reja va maqsadlar yanada katta. Birgina oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tadbirkorlik istagidagi fuqarolarga 806 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi hisobiga 40 mingdan ortiq fuqarolarning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
M.Sulaymonov,
O‘zA