Andijon viloyatidagi 888 ta mahalla fuqarolar yig‘inida Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan davr davomida hokim yordamchilari tomonidan e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida 600 mingga yaqin xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, to‘rtta toifaga ajratildi.
O‘rganishlardan kelib chiqib daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan 52,5 mingdan ortiq xonadon birinchi toifaga, doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi 303,5 mingdan ortiq xonadon ikkinchi toifaga, ijtimoiy himoyaga muhtoj 50 mingdan ziyod xonadon uchinchi toifaga, iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q 190 mingdan ziyod xonadon esa to‘rtinchi toifaga kiritildi.
Har bir toifadagi xonadonlar bilan manzilli ishlar olib borildi. Shuningdek, xatlov jarayonidagi suhbatlar davomida 12 ming nafardan ziyod fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish, 15,5 ming nafardan ortiq fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, 34 ming nafarga yaqin fuqaro kredit olish, 5 ming nafardan ortiq fuqaro kooperatsiya asosida ishlash istagida ekanligini bildirgan.
Xatlov jarayonida har bir mahallaning ixtisoslashuvi ham aniqlab olindi. Ya’ni mahallalarning 337 tasi dehqonchilik va issiqxonaga, 163 tasi chorva va parranda boqishga, 118 tasi savdo va xizmatlar sohasiga, 26 tasi bog‘dorchilikka, 124 tasi kichik sanoatni rivojlantirishga, 77 tasi hunarmandchilikka va 43 tasi mahalla boshqa turli sohalarga ixtisoslashtirildi. Hokim yordamchilari tomonidan 110 ming nafardan ziyod fuqarolarning bandligi ta’minlandi.
Jumladan, dehqonchilik qilish istagidagi 42 ming nafar fuqaroga 10 sotixdan yer ajratildi. Ushbu maydonlarda “Bir kontur bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot, kartoshka va dukkakli ekinlar yetishtirilmoqda. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 322 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilib, 14,5 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, ularning tashabbusi bilan 1 ming 700 dan ortiq kichik ishlab chiqarish va 3 ming 200 ga yaqin xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirilishi hisobiga 13,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA