English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilari faoliyati baholanishida tushunmovchiliklar bor
15:06 / 2022-07-04

Hokim yordamchisi lavozimiga tegishli vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari bilan bir qatorda nomzodlarning intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati, tajribasi kabilarni inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.

Mazkur lavozim egalariga tomorqa xo‘jaliklari bilan agrosanoat klasterlari, tayyorlov, qayta ishlash va eksportyor korxonalarni jalb etgan holda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishga ko‘maklashish, aholi xonadonlarida, qoida tariqasida 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi boqishni tashkil etish, mahsulot yetkazib beruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirgan holda, joylarda tarqatish va mahsulotlarni yig‘ib olish bo‘yicha mobil xizmatlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar yuklatilgan.

“Xonadonbay” ishlash asosida tomorqa xo‘jaliklarini “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish, har bir mahallada kooperatsiya asosida parranda, quyonchilik, qo‘y-echkichilik, asalarichilik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlarni aniqlash ham shular jumlasidan.   

Xo‘sh, ularning ish faoliyatlari samaradorligi qay darajada baholanadi?   

Mazkur savol yuzasidan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Mahallabay ishlashda interaktiv xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Atajanov quyidagilarni ma’lum qildi.  

– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 dekabrdagi «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, hokim yordamchilari tomonidan o‘z mahallasida amalga oshirgan ishlari tegishli samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash mezonlari (KPI) joriy etilgan.   

Mazkur tizim asosida joriy yilning I choragida ishlab chiqilgan baholash mezonlariga muvofiq, respublika miqyosida 5 ming 518 nafar hokim yordamchilarining ko‘rsatkichlari a’lo, yaxshi va qoniqarli etib baholangan.  

2022 yilning 1-yarim yilligiga ishlab chiqarilgan baholash metodikasiga muvofiq baholash mezonlari belgilangan. Unga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan o‘z mahallasida fuqarolar orasida o‘tkazilgan xatlovning natijalari to‘g‘riligi, ular tomonidan kiritilgan ma’lumotlarning aniq va ob’ektivligi uchun 15 ball, o‘z mahallasidagi ishsiz fuqarolarning bandligini doimiy, mavsumiy yoki jamoat ishlariga joylashtirish orqali ta’minlashidagi sa’y-harakatlari uchun 15 ball, norasmiy tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi fuqarolarni tegishli mas’ul davlat organlaridan o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar sifatida o‘tkazishdagi amaliy yordami uchun 12 ball bilan baholanadi.   

Shuningdek, hokim yordamchilari o‘z mahallasida ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida kasb-hunar va tadbirkorlik o‘quv kurslariga yo‘naltirishdagi ishlari uchun 15 ball, o‘ziga yuklatilgan moliyaviy instrumentlardan (kredit, subsidiya)dan oqilona foydalangan holda yangi tadbirkorlik sub’ektlarining ochilishidagi amaliy faoliyati uchun 15/12 ball, fuqarolardan «Har bir oila – tadbirkor» davlat dasturi doirasida imtiyozli kreditlar olish bo‘yicha arizalarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish uchun 15 ball hamda fuqarolarning tadbirkorlik kooperativlarini tuzishdagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va tegishli moliyaviy instrumentlar (kredit, subsidiya) orqali yordam ko‘rsatishi uchun 6/3 ballni qo‘lga kiritishlari  mumkin.  

Shu bilan birga, hokim yordamchilarining muomala madaniyati, shijoati va tashabbuskorligi, tashkilotchilik qobiliyati, faoliyatidan qanoatlanishi tuman (shahar) hokimining moliya va iqtisod masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari va tuman (shahar)ga biriktirilgan respublika vakillari hamda tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbarlari tomonidan umumiy 10 ball bilan baholanadi. Umumiy hisobda hokim yordamchilarining samaradorlik ko‘rsatkichlari 100 ball bilan baholanadi.   
 
Hozirgi kunga kelib ko‘plab hokim yordamchilari tomonidan mazkur metodika ko‘rsatkichlarining haqqoniyligi borasida savol va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Xususan, joriy yilning I choragida hokim yordamchilari tashabbuslari asosida tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlarining joylashgan mahallasiga aniqlik kiritishda «Onlayn mahalla» platformasida Tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbarlarining amaliy yordami talab etilgan.   

Bunda markaz rahbarlari tomonidan mavjud tadbirkorlik sub’ektlarini har bir alohida mahallaga ularning jismoniy manziliga muvofiq biriktirib chiqilgan. Biroq, II chorakda «Onlayn mahalla» platformasining Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat xizmatlari agentligining ma’lumotlari bazasiga to‘liq integratsiya qilish orqali ularning jismoniy manzili va mahallasini aniqlashga erishildi.   

Qayd etish lozimki, yangi tashkil etilgan va tugatilgan tadbirkorlik sub’ektlari bo‘yicha ma’lumotlar DSQ ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya asosida, shuningdek, DSQ ma’lumotlar bazasi ro‘yxatga olish tashkilotlari, jumladan, Davlat xizmatlari markazlari ma’lumotlari asosida shakllanadi.   

Shu o‘rinda, Davlat xizmatlari markazlari ma’lumotlari bazasida tadbirkorlik sub’ektlarining joylashgan mahallasi nomi xato kiritilganlik, ya’ni tadbirkorlik sub’ektlarining jismoniy manzillarida xatoliklar yuzaga kelib, boshqa mahallalarga o‘tib ketish hollari kuzatilmoqda. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli chora-tadbirlar ko‘rilgan holda muammoning ijobiy yechimi uchun zarur usullar qo‘llanilmoqda.   

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur samaradorlik ko‘rsatkichlarini to‘liq haqqoniyligini ta’minlash borasida barcha choralar ko‘rilmoqda va barcha hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sifatli baholanishi ta’minlanadi.   

O‘zA muxbiri   
Muhayyo Toshqorayeva   
yozib oldi.