Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilari: asosiy maqsad daromad manbaini oshirish
12:08 / 2022-02-14

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi mahallalarda ish boshlagan hokim yordamchilari faoliyatidan aholi mamnun.

Ular tomonidan tumanda aholi turmush darajasini ko‘tarish uchun asosiy drayver yo‘nalishlar belgilab olindi. Unga ko‘ra, barcha mahallalarda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, issiqxonachalik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va  xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari rivojlantiriladi.  Hozirda tumanda har bir mahallalarning haqiqiy pasporti shakllanmoqda. Bunda yangi lavozim egalari ko‘plab o‘rganilmagan muammolar va tafovutlarga duch kelmoqda. Uyma-uy yurish orqali namunali, o‘rta va ehtiyojmand xonadonlar ajratilib, ish birinchi bo‘lib ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashishdan boshlangan.

“Temir”, “Ayollar” “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan aholi vakillarining yashash tarzi o‘rganilib, xonadonning ijtimoiy va iqtisodiy muammolarini kompleks yechish, daromadini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xonadondagi har bir fuqaroning qiziqish va kasb salohiyatidan kelib chiqib avvalo hududda mavjud bo‘lmagan xizmat turlari tashkil etilmoqda. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi tomonidan tumanda fuqarolarni foydali ishga band qilish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda.

Hokim yordamchilari tomonidan xatlov o‘tkazilganda  shaxsiy tadbirkorligini boshlashga qiynalayotgan aholi ro‘yxati ham shakllantirilmoqda. Shunga ko‘ra,  ularga motokultivator hamda yuk tashish texnikalari kredit asosida berilayotir. Tuman hokimi Xurshid Tohirov yangi faoliyat boshlayotgan fuqarolar bilan suhbatlashdi. Ularning kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Tuman mahallalaridan tashrif buyurgan 62 nafar fuqaroga zarur texnikalar berildi.

– Maqsad kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini foydali ijtimoiy mehnatga jalb qilish, –  deydi tuman Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbari Ma’sud Subhonqulov. –  Ushbu yoshlar endi hokim yordamchilari tomonidan aniqlangan qarovsiz tomorqa yerlarini tartibga keltirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor oilalarga tomorqa ishlarida yordam berish, shuningdek, yerlarni buzib, ekin ekishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. 

– O‘zim mavsumiy ishlar bilan band bo‘lib yurardim, – deydi yuk tashish texnikasini olgan fuqaro Esonbek Sulaymonov. –   Mablag‘imiz yo‘qligi bois, yollanib ishlashga majbur edim. Ushbu tizim mening hayotimni o‘zgartirib yubordi. Kimlargadir kerakligingni his etib yashash boshqacha bo‘lar ekan.

– Hech qanday qiyinchilik, yugur-yugur va ovoragarchiliksiz motokultivator olasan deganlarida ishonmagan edim, – deydi Asror Yodgorov. – Chunki bir vaqtning o‘zida ham motokultivator, ham kunlik va oylik daromad keltiruvchi ish egasi bo‘ldim. Shu tariqa oilamga, ota-onamga yordamim tegmoqda.

Shu o‘rinda qishloq joylarida motokultivatori bor fuqarolar aholi tomorqasining har bir sotig‘ini 15-20 ming so‘mdan haydab berayotganini inobatga olsak, ushbu yoshlar kuniga 10 sotix yer haydasa 150 ming so‘m, oyiga esa 4 yarim million so‘m ishlab topishi mumkin.
Topshirilgan jihoz va uskunalar tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qulay sharoit yaratishga ko‘maklashadi. Bu esa o‘z navbatida ularning egalarini ish bilan ta’minlash va daromadlarini oshirish imkonini beradi. 

Zarif Komilov, O‘zA