Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilari – aholiga yaqin ko‘makchi
09:51 / 2022-07-22

Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish kabi vazifalardan kelib chiqib, har bir mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu tizimning samarali faoliyat yuritishida muhim huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hokim yordamchilari tomonidan o‘tgan qisqa vaqt mobaynida turli sohalar kesimida sezilarli ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2022 yilning birinchi yarim yilligida band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 1,4 million nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi. Ularning 210 ming nafari doimiy ish joylariga  joylashtirildi, 722 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 47 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka va 108 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 316 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer ajratildi. 

Respublika bo‘yicha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan doimiy ish joylariga joylashtirish 27 mingta (115 foiz)ga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni 2,1 barobarga yoki 373 ming nafarga oshgan. 

Shuningdek, hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 177 mingta loyihaga jami 4,4 trillion so‘m imtiyozli kredit va 24 mingdan ortiq ishsizlarga 60 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi, 128 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi.  

Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 50 mingta yuridik va 47 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, 8 mingdan ortiq korxona faoliyati kengaytirildi va kam quvvat bilan ishlayotganlarining quvvatlari tiklandi.  

Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 25 mingdan ortiq “mahallabay” mikroloyihalarning 9,5 mingtasi ishga tushirilib, 47 mingta ish o‘rinlari yaratildi. 

Tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida 3051 ta ixtisoslashgan mahalladagi 632 mingta aholi xonadonidagi 79 ming gektar yer maydonidan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 1 ming 507 ta mahalladagi 541 ming xonadonda 43,8 ming gektar sabzavot, 484 ta mahalladagi 151 ming xonadonda 12 ming gektar kartoshka, 146 ta mahalladagi 55 ming xonadonda 4,6 ming gektar poliz, 888 ta mahalladagi 237 ming xonadonda 18 ming gektar bog‘dorchilik, 100 ta mahalladagi 20 ming xonadonda 1,2 ming gektar rezavor (qulupnay, malina va boshqa) ekinlar ekildi. 

Shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilikka ixtisoslashgan 2,5 mingta mahallada 9,1 mingta xonadonga inkubator,  58,5 mingta xonadonga 20-100 tadan jami 3,2 million dona xonaki tovuq, 6,3 mingta xonadonga 40,4 mingta asalari uyalari yetkazib berildi. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov raisligida hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika komissiyasi yig‘ilishida ana shular haqida so‘z yuritildi. Galdagi muhim vazifalar muhokama qilinib, kelgusi rejalar belgilab olindi. 



M.Qosimova, O‘zA