Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchilari aholi muammolarini o‘rganmoqda
13:50 / 2022-01-18

Mahalla fuqarolar yig‘inlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha ish boshlagan hokim yordamchilari xonadonma-xonadon yurib, oilalarning real holatini o‘rganmoqda.

Navoiy viloyati Konimex tumanidagi 10 ta mahalla fuqarolar yig‘ini va 5 ta ovul fuqarolar yig‘inida hokim yordamchilari ish olib bormoqda. Ular mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy daftarlarga kiritiladigan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ishlamoqda.

Jamshid Jumabayev “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi vazifasida ish boshladi. U ishni mahalla aholisi bilan yaqindan tanishish bilan boshladi. Hozirda mahallada 670 ta xonadonda 2 ming 760 nafar kishi istiqomat qiladi. Ularning 395 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, 1 ming 437 nafari xotin-qizlar, 48 nafari kam ta’minlangan oilalar vakilidir.

Hokim yordamchisi shu kunga qadar 158 ta xonadonda bo‘lib, xonadon vakillari bilan suhbatlashdi, ularning muammo va takliflarini o‘rgandi.
– Fuqarolar bilan tanishib suhbatlasharkanmiz ularning muammolari bo‘yicha huquqiy maslahat va amaliy ko‘mak berishga harakat qilyapmiz, – deydi hokim yordamchisi J.Jumabayev. – O‘rganishlarimiz natijasida 3 nafar fuqaroga huquqiy maslahat bergan bo‘lsak, Azamat Po‘latov xonadonida obodonlashtirish ishlari olib borildi. Unga 20 ta tovuq va 10 ta o‘rdak, ularni saqlash hamda ko‘paytirish uchun tovuqxona qurib berildi. Shuningdek, 4 quti asalari uyasi ham olib berildi. Hozircha 12 ta xonadon sohiblari tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 560 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari so‘radi. 3 ta xonadon egalari esa issiqxona sharoitida manzarali gul ko‘chatlari yetishtirishni niyat qilgan. Yana bir xonadon egasi esa mavjud issiqxonasini kengaytirishni maqsad qilgan.

Hokim yordamchilari tomonidan barcha mahallalarda o‘rganish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.


Abduvali Bo‘riyev, O‘zA