Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Ohangaron tumani “Yangi hayot” MFY hududida xitoylik tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr quvvati ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiyaviy loyihaning qurilish ishlari bilan tanishdi.
Jarayonda Xitoyning “China CAMC Engineering” kompaniyasi vakillari tomonidan loyiha taqdimoti o‘tkazilib, zavodning quvvati, texnologik jarayonlari, ekologik xavfsizlik choralari hamda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining joriy holati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur loyiha Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq amalga oshirilib, unga 240 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya jalb etilgan. Korxonada yiliga 912 ming tonna (kuniga 2,5 ming tonna) qattiq maishiy chiqindilar termik usulda qayta ishlanib, 390 million kilovatt soat elektr quvvati ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Viloyat hokimi qurilishdagi joriy holat bilan tanishar ekan, loyihaning hozirgi ekologik vaziyatni hisobga olgan holda alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, loyihani amalga oshirish bo‘yicha yuzaga keladigan masalalarni hal etishda viloyat hokimligi doim ko‘makka tayyor ekanini ham ma’lum qildi.
Zoyir Mirzayev korxona atrofida ekosanoat zonasini shakllantirish imkoniyatlariga ham to‘xtalib, kelgusida ushbu hududda turli sanoat korxonalarini joylashtirish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hududdagi 14,7 gektar yer maydonida ekosanoat zonasi tashkil etish belgilangan bo‘lib, shundan 12 gektarida zavod qurilishi boshlangan. Hozirgi kunda qurilish ishlariga 30 tadan ortiq maxsus texnika va 200 nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar jalb etilgan. Topografik-geodezik tadqiqot ishlari va yer maydonlarini tekislash jarayonlari to‘liq yakunlangan.
Ayni paytda zavodning asosiy binosi uchun poydevor ishlari, hududni devor bilan o‘rash, vaqtinchalik modulli binolarni joylashtirish hamda asosiy texnologik uskunalarni xarid qilish ishlari rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda loyihani jadallashtirish bo‘yicha xorijiy investor hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.