Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim xalq deputatlari mahalliy Kengashga raislik qilmasligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda
15:31 / 2022-11-24

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.  

Mazkur masala yuzasidan Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Jahongir Shirinov ma’ruza qildi:  

— O‘tgan davrda Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonunimizni takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Bu davrda 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Ushbu takliflar asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi takomillashtirildi. Loyihaning birinchi o‘qishdagi holati bilan ayni ikkinchi o‘qishdagi holati o‘rtasida ancha katta farq sezildi. Ko‘plab moddalar yanada takomillashtirildi, muhokamalar davomida ayrim normalar chiqarib tashlangan bo‘lsa, ayrim moddalar yangi normalar bilan to‘ldirildi. Masalan, loyihaning 99-moddasiga ko‘ra, hokim xalq deputatlari mahalliy Kengashga raislik qilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, 100-moddasida mahalliy byudjetni tasdiqlash xalq deputatlari mahalliy Kengashlar zimmasiga yuklatilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi turli ekspertizalardan o‘tkazilib, turli soha mutaxassislari ishtirokida muhokama qilindi, — dedi Jahongir Shirinov.  

Fraksiya a’zolari tomonidan berilgan bir qator takliflar Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z ifodasini topdi. Ya’ni, loyihada endi davlatning o‘zi mulkdorlarning mulk huquqini ishonchli himoya qilinishini o‘z zimmasiga olishi, bu borada davlat tadbirkorlikni rivojlantirish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishi mustahkamlab qo‘yildi.  

— Muqaddima hujjatning mohiyati, ahamiyati, bor mazmunini qisqa va lo‘nda tarzda ochib berishi, tantanavor bo‘lishi kerak, — dedi O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Alisher Hamroyev. — Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muqaddimasi ana shu talablarga javob beradigan tarzda, qonunning butun mazmun-mohiyatini to‘la ochib bergan. Ayniqsa, 3 ming yillik tarixga ega davlatchiligimiz mavjudligi muqaddimada mustahkamlab qo‘yilgani ijobiy holdir.  

Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy komissiya hamda mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar e’tirof etildi va ma’qullandi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha O‘zLiDeP hamda O‘zMTDP fraksiyalari oldida turgan asosiy vazifalar belgilab olindi.  

 

 

Muhtarama Komilova, O‘zA