Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim, vazir va yoshlar uchrashuvi
19:13 / 2021-03-31

Samarqand shahridagi yoshlar markazida bugun shunday uchrashuv o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov bilan birga Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ya.Abdulxakov, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari B.Xolmatov, “Xalq banki” boshqaruv raisi o‘rinbosari O.Sharopov hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R.Qurbonov ishtirok etdi.

– Hokimlar va sektor rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvlari bugun an’anaga aylanib qoldi, – dedi E.Turdimov. – Samarqand shahrida, o‘quv yurtlarida yoki joylarga chiqib, mahallalarning o‘zida yoshlar bilan uchrashib, muammo va kamchiliklarni birgalikda muhokama etyapmiz. Bu yoshlar uchun ham, biz uchun ham foydali bo‘lmoqda. 

Endi bundan buyon uchrashuvlarimizga respublika vazirlik va idoralari rahbarlarini ham taklif etamiz. Chunki yoshlarni qiynayotgan muammolar, masalalar orasida respublikaga bog‘liq bo‘lganlari ham uchraydi. Uchrashuvlarda vazirlar yoki boshqa mas’ullarning qatnashishi murojaatlarga tezkor yechim topishda katta turtki bo‘ladi.

Uchrashuvda raqamlar, hisobotlar aytilmadi. Birdan savol-javobga o‘tildi. Savol beruvchilar ham avvaldan tayyorlanib, faqat minnatdorchilik va taklif aytish uchun kelmagan edi. Har bir yigit-qiz o‘ziga va tengdoshlariga, mahallasiga tegishli muammolarni aytib, mutasaddilardan yordam so‘radi.

Paxtachi tumanida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Abdurahim Samadov sut mahsulotlari ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha jihozlar sotib olishda 237 million so‘m kreditga ehtiyoj sezayotgani, ammo garov ta’minotida muammoga duch kelayotganini bildirdi. Mikrokredit bank viloyat filiali rahbari ushbu masala bilan shug‘ullanib, muammoni uch ish kunida hal etishga va’da berdi.

[gallery-1840]

– Men o‘tgan yil maktabni bitirdim, hech qayerda ishlamayman, – deydi Nurobod tumani Ulus qishlog‘ida yashovchi Diyorbek Eshqulov. – 20 gektar yer ajratib berilsa, intensiv bog‘ tashkil qilmoqchiman. Bu masalada tuman hokimligiga murojaat qilgandim, o‘zim yashaydigan hududdan 40-50 kilometr olisdan yer beramiz, deyishdi. Lekin bu menga to‘g‘ri kelmaydi, shuning uchun o‘zimga yaqin joydan yer ajratishda yordam berishingizni so‘rayman.

– Bu masalangizni bir hafta muddatda hal qilamiz, – dedi E.Turdimov. –Tuman hokimi yoki o‘rinbosari o‘zi siz bilan uchrashib, birgalikda bo‘sh yerlarni ko‘rsatib, ma’qul joydan yer ajratishga yordam beradi.

Samarqand shahridagi 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yoshlar yetakchisi Navro‘za Suyarqulova shahardagi piyodalar yo‘laklari xonadon egalari va savdo do‘konlari egalari tomonidan mahsulotlar, reklama vositalari qo‘yilib, egallab olinganini bildirdi. Shuningdek, maktablarda o‘qituvchilarga dars soatlari ajratishda nomutanosibliklar borligini aytib, mas’ullar ushbu masalani o‘rganib, adolatli taqsimot qilishda yordam berishni so‘radi.

Ushbu muammoli masalalarni ko‘rib chiqib, hal etish viloyat ichki ishlar, bandlik va xalq ta’limi boshqarmalariga topshirildi.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan 66 ta murojaat qayd etildi. Bu murojaatlarning 27 tasi kredit ajratish, 15 tasi ishga joylashish bilan bog‘liq bo‘ldi. Har bir masala yuzasidan mas’ullar va aniq muddat belgilandi.

– Belgilangan vaqtda muammo hal etilmasa, mening telegram raqamim orqali murojaat qiling, bir ishning boshini tutdingizmi oxirigacha boring, yarim yo‘lda to‘xtab qolmang, – dedi E.Turdimov uchrashuv yakunida.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA