Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim va yoshlar uchrashuvi
21:36 / 2025-04-03

Mamlakatimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadi. Jumladan, Xorazm viloyatida ham 1 million 300 mingga yaqin yoshlar istiqomat qiladi. Ular uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berish, mavjud muammolarni bartaraf etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Biroq ularning orasida yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmayotgan, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi yigit-qizlar ham bor.

Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov Bog‘ot tumanida bo‘lib, Bog‘zor mahallasidagi ana shunday ishsiz yoshlar bilan uchrashdi. 

Yoshlar masalasi davlatimizning kuchli ijtimoiy siyosatida eng ustuvor yo‘nalishdir. Xorazmda ham yoshlarga sifatli ta’lim va kasb berish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda. Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilmoqda. 

Mahalla fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lgan uchrashuv samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Eng avvalo, yoshlarni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuvda yoshlar o‘z fikr va mulohazalarini viloyat hokimiga bildirishdi. Viloyat hokimi ularning oilaviy ahvoli, qiziqishlari va ularni qiynayotgan muamolarni o‘rgandi. O‘n olti nafar yoshning har biriga sharoitidan kelib chiqib, bandligini ta’minlash, oliy ta’lim va kasb hunarga yo‘naltirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” belgilandi. 

Uchrashuvda ishtirok etgan qizlarning ko‘pchiligi tikuvchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirishdi. Ularga mazkur yo‘nalishda ko‘mak berilib, tikuv mashinalari ajratish to‘g‘risida mutasaddilarga topshiriqlar berildi. 

– Menga bir necha oy oldin tikuv mashinasi ajratilgan edi, – deydi Tabassum Abdullayeva. – Ayni damda ayollar kiyimi, parda va yumshoq mebellar uchun g‘iloflar tikib sotaman. Bugun viloyat hokimiga kelgusida tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish niyatim borligini aytdim. Yana beshta qizga kasb-hunar o‘rgatib, ish bilan ta’minlamoqchiman. Viloyatimiz rahbari mening rejamni qo‘llab - quvvatladi. Kredit ajratish, ijaraga bino topish va tegishli mutaxassislardan ko‘mak olishimga yordam berishini aytdi. 

Tadbirkorlik qilish istagidagi boshqa yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov bog‘zorlik yoshlar bilan endilikda tez-tez uchrashib turishga kelishib oldi. 

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari