Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim talabalar oshxonasida tushlik qildi
09:46 / 2025-10-30

Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz davlat universitetida bo‘lib, vohadagi yirik oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ishlar, professor-o‘qituvchilar va talabalarning yutuqlari bilan tanishdi.

Universitetning registrator ofisida dastlab sun’iy intellekt asosida yaratilgan axborot tizimlari va raqamli xizmatlar taqdimoti o‘tkazildi. 

Ayni paytda oliy ta’lim muassasasida 110 ta xizmat turi onlayn ko‘rsatilmoqda. Ularning 60 tasidan mobil ilovalar orqali foydalanish imkoniyati yaratilgan. Endi bu qulayliklar sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida yanada takomillashtirilmoqda.

Shu yerda dasturchilar salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ular orqali hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish, shuningdek, turli tarmoq va sohalarga sun’iy intellekt yechimlarini keng tatbiq etish haqida fikr almashildi. Universitetda ta’lim sifatini oshirib, talabalarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, o‘quv muassasasining milliy va xalqaro reytingdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan ishlar va amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.

Keyingi yillarda universitetda talaba-yoshlar uchun barcha zamonaviy sharoitlarga ega sport inshootlari barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Yirik sport bazasi shakllanib, yoshlar sportning o‘zlari qiziqqan turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay muhit yaratildi. Viloyat rahbari sport inshootlarini ko‘zdan kechirib, yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Sportchi talabalar bilan suhbatlashib, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishi, Olimpiya, Paralimpiya va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tavsiyalarini bildirdi. 

Viloyat hokimi shu kuni 18 mingdan ortiq talaba o‘zlari tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olayotgan universitet oshxonasining sanitariya-gigiyena sharoitlarini o‘rgandi Talabalar bilan bir dasturxonda tushlik qilib, ularning o‘qish va turmush sharoiti, kelgusi rejalari xususida suhbatlashdi. Yaratilgan bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, kelajakda yetuk mutaxassislar bo‘lishiga omad tiladi. 

Vohadagi yetakchi oliy ta’lim muassasasida viloyatning “Oltin fondi” – professor-o‘qituvchilar, fan doktorlari, iqtidorli yoshlar bilan uchrashuv ham ochiq va konstruktiv muloqot shaklida o‘tdi. Uchrashuvda yoshlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlab, ularning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish, bilim va iqtidorini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoit yaratish masalalari atroflicha muhokama etildi. Olimlar va talabalarning takliflari, tashabbuslari tinglanib, shu asosda yangi ilmiy-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, iqtidorli yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA