Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim tadbirkorlar bilan uchrashdi
10:51 / 2025-07-19

Bugungi kunda shahar va tumanlarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Tadbirkorlar islohotchi bo‘lib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim kuch ekanligini barcha yaxshi tushunib yetmoqda. Zero, tadbirkorlarning yurt farovonligini ta’minlashdagi hissasi beqiyos.

Shu sabab har bir hududda tadbirkorlar muammolarini bartaraf etishga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov “Buxoro-Varnet” O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasida tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning murojaatlarini tingladi.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda viloyat hokimi ularga yaqindan ko‘makdosh ekanligini ta’kidladi. Tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, ularni qiynab kelayotgan masalalarga yechim izlandi.

Mazkur muloqotda 40 nafarga yaqin tadbirkor kredit olish, bojxona rasmiylashtiruvi, suv nasoslarini o‘rnatish, klaster va fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi qarzdorliklarni bartaraf etish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, soliq imtiyozlari, faoliyatni kengaytirish, kommunal xizmatlar kabi masalalarda viloyat rahbariga murojaat qildi.

Ochiq muloqotda ko‘tarilgan masalalarning ayrimlariga shu yerning o‘zida yechim topildi. Ijrosi muddat va qo‘shimcha o‘rganish talab qiladiganlari esa mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.