Qurilish sohasida qariyb 40 yillik tajribaga ega binokor Ahtam Ulug‘ov rahbarligidagi “47-sonli Xo‘jaliklararo ko‘chma mexanizatsiyalashtirilgan kolonna” MCHJ jamoasi nafaqat Buxoro viloyati shahar va tumanlarida, balki qo‘shni viloyatlarda ham keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalarini amalga oshirib, qurilish va ta’mirlash-tiklash ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan. Qurilish-ta’mirlash sohasidagi talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda 2017 yilda “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inidagi mazkur MCHJ negizida asfalt ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilingan.
Hududda yo‘l ta’miri uchun asosiy xomashyo – asfalt ishlab chiqarish zavodida 60 nafar ishchi mehnat qilgan, ammo ayrim sabablarga ko‘ra korxona ishi to‘xtab qolgan. Ayni kunda korxona yordamchi xo‘jaligining o‘n sotix yerda issiqxona tashkil qilingani, unda limonariy tashkil qilinganini inobatga olmasa, mavjud imkoniyatlardan foydalanish ko‘rsatkichi keskin pasaygan.

Viloyat hokimi Botir Zaripov inqirozga yuz tutgan korxonadagi imkoniyatlarni ko‘zdan kechirib, qozonxonani muqobil yonilg‘i bilan ta’minlash orqali korxona ish faoliyatini tiklash, ishchi sonini ko‘paytirish, shu bilan birga, mahallada ishsiz bo‘lganlar uchun plastik eshik-rom, shlakoblok kabi qurilish materiallar ishlab chiqarish, kichik biznesni yo‘lga qo‘yish orqali oilalar moddiy manfaatdorligini oshirishga doir tavsiya va topshiriqlarni berdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.