Farmon va ijro
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bilim va innovatsiyalar Milliy markazi(AKIS)da Prezidentimiz topshirig‘iga asosan ilk bor tuman-shahar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun o‘quv-amaliy seminar boshlandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Husainov so‘zga chiqib, Prezidentimizning 2025 yil 6 dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida amalga oshirilayotgan mazkur tashabbusdan ko‘zlangan vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Asosiy maqsad hududlarda qishloq va suv xo‘jaligi sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish, ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, rahbar kadrlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iboratdir. O‘quv jarayonida qishloq va suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv yondashuvlari, “aqlli qishloq xo‘jaligi” texnologiyalari, agrosanoatda qayta ishlash, logistika va agroklasterlar faoliyati, natijaga asoslangan boshqaruv hamda KPI tizimlarini joriy etish masalalari muhokama qilinadi.

– Seminarga Fransiya, Turkiya va Xitoy davlatlaridan taklif etilgan xorijiy ekspertlar, xalqaro “Simmit” tashkiloti vakillari, shuningdek, mahalliy sohaviy mutaxassislar jalb etilgan. O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilar Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi namunaviy issiqxonalar, meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari, logistika markazlari hamda agroklasterlar faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Seminar yakunlari bo‘yicha o‘quv kurslarida faol ishtirok etgan va samaradorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan tuman hokim o‘rinbosarlari hamda biznes vakillaridan iborat 30 nafar ishtirokchini Niderlandiya, Italiya, Ispaniya va Xitoy davlatlariga xalqaro malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan, – deydi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida qishloq va suv xo‘jaligi sohasida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida tashkil etildi. Jarayon besh kun davom etib, dastlab 27 ta tumanlardan ishtirokchi jalb etilgan va jami mamlakatimiz bo‘yicha 164 ta hudud qamrab olinadi.

– Bu seminar biz uchun juda foydali bo‘lmoqda, – deydi Bo‘stonliq tumani hokimi o‘rinbosari Bekzod Turopov. – Bu yerda olgan bilim va tajribamiz kelgusida o‘z natijasini beradi. Bizning hudud meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan. Oxirgi payt rezavor ekinlar yetishtirish ham ommalashib, bu yo‘nalishlarda sifatli hosil yetishtirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.
A.Musayev, O‘zA.