Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim o‘rinbosarlari faoliyati yangi tartibda baholab boriladi
11:17 / 2023-01-28

Endilikda Respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 14 ta tuman va shaharda hokim o‘rinbosarlarining faoliyati yangicha tartibda baholanadi.

Namangan viloyatida ham tuman hokimi o‘rinbosarlari faoliyatini baholash bo‘yicha tajriba tariqasida yangi tizim yaratilmoqda. Bunda Kosonsoy tumani tanlab olindi.

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali mas’ullari tomonidan tumandagi hokim o‘rinbosarlariga yangicha baholash tizimi bo‘yicha tushuntirish o‘tkazildi.  

Taklif etilayotgan yangi baholash tizimi asosan uch bosqichdan iborat bo‘lib, uning dastlabkisida nazariy bilimlari, ikkinchi bosqichda amaliy bilim-ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilib, natija va xulosalar chiqariladi.  

Yangicha baholash tizimida hokim o‘rinbosarlarining bilim-salohiyati, kasbiy tajribalari, ayniqsa aholi murojaatlari bilan ishlashning natijadorligiga e’tibor qaratilmoqda.

– Baholash natijalari yakunida hokim o‘rinbosarlariga bilimini oshirib borish, xorijiy tillarni o‘rganish, rotatsiya, stajirovka, dublyorlik kabi tajriba orttirish tavsiyalari beriladi, – deydi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Ibrohim Hojiyev. – Qolaversa, shaxsiy rivojlanish rejalari orqali hokim o‘rinbosarlarining bilim va salohiyatini doimiy oshirib borishi ham monitoring qilib boriladi. Bu esa o‘z navbatida, mazkur lavozim egalari faoliyatida natijadorlikni ta’minlashga yordam beradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA