Jizzax shahridagi Davlat xizmatlari markazida aholi uchun navbatdagi ommaviy qabul bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, viloyatdagi Prezident Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov, Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, Jizzax shahar Kengashi deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, shahar hokimi yordamchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab viloyat hokimi Ergash Soliyev Jizzax shahrida 2022 yilda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va 2023 yilgi rejalar, aholi turmush farovonligini ta’minlash maqsadida bajariladigan qurilish va obodonlashtirish ishlari xususida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, Jizzax shahrida o‘tgan 2022 yil davomida 3 ta Davlat dasturi ijrosi doirasida jami 287 milliard 300 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Investitsiya dasturi doirasida 23 ta ob’ektda 261 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, 15 ta ob’ekt yangidan bunyod etildi va foydalanishga topshirildi.
“Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari bo‘yicha “Oqqo‘rg‘onlik”, Amir Temur nomli va “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida barcha manbalar hisobidan 22 milliard 100 million so‘mlik ishlar amalga oshirilgan.
Mahallalarda ichimlik suvi, elektr energiyasi, ichki yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal etish maqsadida shaharga barcha manbalar hisobidan 3 milliard 300 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shahardagi 22 ta ob’ekt uchun 120 milliard 400 million so‘mlik ishlar bajarilishi rejalashtirilmoqda.
Jizzax shahri aholisi uchun o‘tkazilgan qabulda murojaatlarni tegishliligicha o‘rganib chiqish va belgilangan tartibda yechimini topish maqsadida 13 ta guruh tashkil etilib, viloyat hokimi har bitta guruh ishida qatnashib, 87 fuqaroning 124 ta murojaatini tingladi.
Murojaatlarning barchasi tegishli tartibda qayd etilib, mas’ul tashkilot rahbarlariga hal etish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Har bir murojaat viloyat hokimligining qat’iy nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.
A.Qayumov, O‘zA