Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim lavozimiga nomzodlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish rejasi taqdim etiladi
16:06 / 2025-12-11

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Majlisda hukumat a’zosi hamda hokim lavozimiga nomzodlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etish, sudlar ishini yanada maqbullashtirish, shuningdek ayrim tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik va yerdan qonunga xilof ravishda foydalanish hollarining oldini olish zaruriyati yuzaga kelgani ta’kidlandi.  

Shu sababli, qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hukumat a’zosi va hokim lavozimiga nomzodlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish rejasi taqdim etilishini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilmoqda.

Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslarga, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini soddalashtirilgan tartibida ko‘rib chiqish uchun asos bo‘luvchi da’voning bahosini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiy sudlarga kiritilgan da’volar yuzasidan maxsus iqtisodiy zonalarning va sanoat zonalarining direksiyalari davlat bojini to‘lashdan ozod etilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasi a’zolarining hamda hokimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirish, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiya muhiti yaxshilanishini hamda yerdan oqilona va samarali foydalanilishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Majlisda Energetika hamda Transport vazirliklarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning ijrosi holati muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra, Energetika vazirligi 86 ball (yaxshi) va Transport vazirligi 79 ball (qoniqarli) olgan.

Mazkur vazirliklar faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda sohada amalga oshirilgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 100 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy veb-saytlarida 1000 dan ortiq ma’lumotlar e’lon qilingan.

Jumladan, ish rejalari ijrosi, vazirlikka tegishli avtomototransport vositalari, xarajatlar smetasi, hisobot yig‘ilishlari, byudjet hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalar, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilib borilgan.

“Korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi takomillashtirilgan.

Raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini joriy etish hamda inson omilini kamaytirish orqali sohalarda shaffoflik va korrupsiya holatlarining oldini olish choralari ko‘rilgan. Transport vazirligi tomonidan Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarining avtobus qatnovlarida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Havo hamda temir yo‘l chiptalarini onlayn sotish tizimi yaratilgan.

Biroq o‘rganishlar natijasida ayrim e’tibordan chetda qolib ketayotgan masalalar ham borligini ko‘rsatdi.

Senatorlar tomonidan mazkur sohalarda moddiy-texnik ta’minot, tender va xaridlar jarayonida shaffoflik past darajada bo‘lgani, ayrim mas’ul shaxslar tomonidan tadbirkorlardan pora olish, tender hujjatlarini qalbakilashtirish hamda tenderda sun’iy g‘olib bo‘lish kabi holatlar kuzatilganligi tanqid qilindi. Ushbu masalalar bo‘yicha vazirliklarga bir qator tavsiyalar berildi.

Senatorlar, mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari raislari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, qonun tashabbuskorlari, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan muhokama yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA