Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim kunduzgi parvarish xizmatiga e’tibor qaratdi
12:18 / 2025-10-25

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Bandixon tumanida “Shohzamon qurilish ta’mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etgan kunduzgi parvarish xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Prezidentimizning 2025 yil 3 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida janubdagi viloyatda ham davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilib, nogironligi bor bolalar qamrab olinmoqda. Markazga jalb etilgan bolalarga ijtimoiy, reabilitatsion va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatilib, tajribali tarbiyachilar turli rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar tashkil etmoqda. Bu xizmatning yo‘lga qo‘yilishi uyda nogironligi bor farzandi bilan band bo‘lgan onalar uchun ishlash imkoniyatini ham yaratmoqda.  

Ayni paytda davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatayotgan yangi markazda 3-18 yoshdagi 15 nafar nogironligi bo‘lgan bola parvarishlanib, sog‘lomlashtirilmoqda.  

Shu kuni viloyat rahbari viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi mutasaddilarining sohaga oid hisobotlarini ham tingladi. Joylarda tashkil etilayotgan kunduzgi parvarish xizmati faoliyatini kengaytirib, qamrovini yanada oshirish, ota-onalar uchun yetarli qulaylik yaratish va ijtimoiy himoya tizimini yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri