Yangiyer shahrida sportning futbol turi bo‘yicha Sirdaryo viloyati hokimi kubogi final bahslari yuqori saviya, ko‘tarinki ruh va chinakam sport muhitida tashkil etildi.
Final uchrashuvi viloyat futbol ixlosmandlari uchun haqiqiy bayramga aylandi.
Hal qiluvchi bahsda Osiyo FK hamda PFK Guliston jamoalari maydonga tushishdi. O‘yin boshidan oxirigacha qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Har ikki jamoa faol hujumkor o‘yin namoyish etgan bo‘lsa-da, ustunlikni qo‘lga kiritgan PFK Guliston jamoasi yakunda 5:1 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va Sirdaryo viloyati hokimi kubogi sohibiga aylandi.

Taqdirlash marosimi tantanali ruhda o‘tkazildi. Unda Guliston futbol klubi prezidenti Oybek Ashurmatov, Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov va Sirdaryo futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Rustam Qodirovlar ishtirok etishdi. G‘olib va sovrindorlar munosib tarzda taqdirlanishdi.

Musobaqa yakunida eng yaxshilar alohida e’tirof etildi. Darvozada o‘zining mahorati va ishonchli harakatlari bilan ajralib turgan Sarvar Husanov (PFK Guliston) eng yaxshi darvozabon nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi. Himoyada jamoasini ishonchli qo‘llab-quvvatlagan Muhammad Isayev (PFK Guliston) eng yaxshi himoyachi unvonini oldi.

Yarim himoyada faol harakatlari va maydonni nazorat qilish qobiliyati bilan ajralib turgan Ahilbek Allambergenov (Aral FA) eng yaxshi yarim himoyachi deb e’tirof etildi. To‘purar sifatida eng ko‘p gol urgan va jamoasini olg‘a olib chiqqan Asilbek Umurzoqov (PFK Guliston) eng yaxshi to‘purarga aylandi.

Shuningdek, hujumda serfaolligi va gollarga qodirligi bilan ajralib turgan Asilbek Bahriddinov (Osiyo FK) eng yaxshi hujumchi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Anvar Tuychiyev (surat) O‘zA