Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish va futbol orqali jamoaviylik ruhini kuchaytirish maqsadida Guliston tumanida "Hokim kubogi" futbol musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqada tumandagi barcha mahallalardan yoshlar jamoalari ishtirok etib, o‘z mahoratlari, jipsligi va irodasini namoyon etdi.

Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz tarzda kechdi. Har bir uchrashuv do‘stlik, raqobat va g‘alabaga intilish ruhi bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, yoshlar o‘rtasida birlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamladi.
Musobaqaning final uchrashuvi-- Alisher Navoiy hamda Inoqlik mahallalari jamoalari o‘rtasidagi hal qiluvchi bellashuv qizg‘in o‘tdi. Tomoshabinlar katta qiziqish bilan kuzatgan o‘yinda A.Navoiy mahallasi jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va “Hokim kubogi” sohibiga aylandi.

2-o‘ringa Inoqlik mahallasi yoshlari, 3-o‘ringa esa A.Yassaviy mahallasi yoshlari sazovor bo‘lishdi.
G‘oliblarga Guliston tuman hokimligi tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Taqdirlash marosimida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev ishtirok etib, yoshlarga sportdagi faolligi va ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri