Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hokim ko‘zimni ochdi, endi uning yuzini ko‘rmoqchiman”
12:18 / 2021-04-19

Samarqand shahridagi “Bionur Med Servis” klinikasida o‘tkazilgan murakkab jarrohlik amaliyotidan so‘ng ko‘zlari qayta ochilgan Gulruhning 3 yil mobaynida zim-ziyoga aylangan diliga ravshanlik kirdi.

Bolalik kunlaridan qandli diabet va gemodializ kasalliklariga chalingan G.Hasanova joriy yilning 5 mart kuni mahallasida o‘tkazilgan hokim bilan uchrashuvga jiyani yetagida borib, arzini aytadi.  

Ko‘zlari dunyoni ko‘rishi uchun nima qilishini bilmayotganini, davolanishga ketayotgan pullari ortidan, o‘zidagi bu uchinchi kasallikka qarshi kurashishga iqtisodiy jihatdan qiynalayotganini va biror yo‘l ham topolmayotganini bildiradi.  

Paxtachi tumani Ziyovuddin shaharchasi, Mustaqillik ko‘chasi, 12-uyda yashovchi Hasanovlar oilasining boshiga tushgan yuk faqat bu emas. Qizning otasi-Komil akaning aytishicha,  u kishining ayoli ham aynan ana shu kasalliklar oqibatida dunyodan o‘tgan.  

Tuman hokimi vaqtni cho‘zib o‘tirmay, tezlik bilan Gulruhning dardiga da’vo izladi. Tajribali shifokorlarni jalb etib, jarrohlik amaliyotini viloyat markazidagi "Bionur Med Servis" klinikasida o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Bemorning operatsiyasiga ketadigan mablag‘ni ham o‘z zimmasiga oldi.  

“Bio nur” shifokorlarining sa’y harakatlari, tuman hokimining jonkuyarligi bilan qizning ko‘rish qobiliyati qayta tiklandi.

–Hokim ko‘zimni ochdi. Menga shunchalar g‘amxo‘rlik qildiki, u kishining yuzini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishni xohlayman. Otam bilan borib, hokimimizga gul bermoqchimiz”,– deydi ezgulikning oldida dardini ham unutgan G.Hasanova biz bilan suhbatda.

Ha, darhaqiqat, ikki dunyoga og‘irlik qilguvchi shunday dardlar borki, inson u dardlarni yengmog‘i uchun o‘z kuchiga tayanolmaydi. Bu uchun yaqinlar, mahalla-ko‘y, qolaversa, butun boshli jamiyatning tayanchi zarur.  

Butun ming-minglab odamlarning yukini tortib, tashvishiga sherik bo‘lguvchi tuman va viloyatlar hokimlarini ana shunday yaxshilikka muhtoj qalblarning duosi yuksaltirishi, shubhasizdir.

M.Pirnafasova