Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim “Ko‘rpasoy”ga tashrif buyurdi
15:21 / 2025-05-22

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi baland tog‘lar bag‘rida joylashgan Ko‘rpasoy mahallasida yangidan bunyod etilgan mahalla binosining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda tuman hokimligi, huquq-tartibot idoralar, mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ullari, mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari hamda tuman faollari va mahalla fuqarolari ishtirok etdi. 

Tadbirda Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev va boshqalar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning negizida aholi turmush darajasini yaxshilash, qulay yashash sharoitlarini yaratib berish, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilayotgani aytildi. 

– Yangi bino, mahalla faoliyatini yanada samarali tashkil etish, aholiga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini berib, fuqarolarning muammolarini o‘rganishda, ularni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Mahmud Xolbo‘tayev. – Mahallaga eltuvchi yo‘lning 20 kilometrdan ortiq qismi asfalt qilindi. Bu esa shu qishloqda joylashgan bolalarning yozgi dam olish oromgohlari va Paymart ota ziyoratgohiga keluvchi turistlar sonini oshishiga, qolaversa, qishloq ahli manzilining xavfsiz bo‘lishiga xizmat qiladi. 

Mahalla binosining ochilishidan so‘ng, Ko‘rpasoy mahallasida tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev ishtirokida sayyor qabul ham bo‘lib o‘tdi. Qabul davomida mahalla aholisi bilan bevosita ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va murojaatlari tinglandi. Hududda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda mahalla farovonligini yanada oshirishga qaratilgan rejalar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Aholi tomonidan elektr energiyasi ta’minoti, uy-joylarni ta’mirlash, kutubxona faoliyatini yanada kengaytirish, yo‘l va ko‘cha yoritgichlari masalalarida bir qator taklif va murojaatlar bildirildi. Ushbu masalalar yuzasidan tuman hokimi mas’ullar zimmasiga aniq vazifalar yuklab, ularni qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi va bu ishlarni shaxsan o‘zi nazorat qilishini qayd etdi. 

“Ko‘rpasoy” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan tadbirlarga hamohang tarzda aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida kengaytirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda yurak-qon tomir, qandli diabet, ko‘z, bolalar va ayollar salomatligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tumanning malakali shifokorlari tomonidan bepul tibbiy tekshiruvlar o‘tkazildi. Vrachlar tomonidan qo‘yilgan tashxislardan kelib chiqib, shifoxonada davolanishi shart bo‘lgan bemorlarga viloyat, tuman shifoxonalariga yo‘llanmalar berildi, qishloq vrachlik punktida davolansa bo‘ladigan fuqarolarga bepul dori-darmonlar tarqatildi. 

Mahalladagi tadbirlar doirasida yoshlarga qaratilgan muhim tashabbus sifatida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etilgani alohida tahsinga loyiq. Mehnat yarmarkasida tumanda faoliyat yuritayotgan turli korxona, tashkilot, muassasa, firma va fermer xo‘jaliklari o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Ishlash istagini bildirgan fuqarolar, ayniqsa, mahalla yosh yigit-qizlari bilan bevosita, yuzma-yuz muloqotlar olib borildi va 7 nafar yosh yigit-qizlarga ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi. 

Shu bilan birga, “Jizzax Monomarkazi” mas’ullari tomonidan mahalla yoshlari va umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun kasb-hunar o‘rgatish kurslari, ularning afzalliklari hamda kelajakdagi bandlik imkoniyatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. 

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA