Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov Xitoy davlatining Guandun provinsiyasi yashil ishlab chiqarish sanoati hamkorlik qo‘mitasi rahbari William Lin boshchiligidagi bir guruh yetakchi kompaniyalar rahbarlari delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlarining o‘zaro tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar natijasida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, kompaniyalar bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng imkoniyatlar yaratilganligi ta’kidlandi.

Ayniqsa, Buxoro delegatsiyasining Foshan shahridagi Asia Start Furniture Material Trading Center (Osiyo mebel mahsulotlari markazi), u yerdagi yirik mebel ehtiyot qismlari va mebel ishlab chiqaruvchi “EEHE” va “Easyhome (Juran Home)” kompaniyasi faoliyati bilan tanishuvi, mazkur sanoat korxonalari tajribasi asosida Buxoroda sohani rivojlantirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan investitsiyaviy kelishuvlarni amaliy sa’y-harakatlarga aylantirish masalalari keng muhokama qilindi.

Investorlar Buxoro shahridagi “Buxoro brilliant silk” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ham bo‘ldi. 2010 yilda tashkil etilgan, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonada yaqin-yaqingacha pilla qayta ishlanib, turli o‘lcham, ko‘rinish va rangdagi matolar tayyorlangan. Ayni paytda esa qo‘shma korxona o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Mehmonlar Buxoro tumanida joylashgan “Mil Max Trade” MCHJning issiqxona, muzlatkich, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, quritish, qadoqlash, qayta ishlashga mo‘ljallangan yirik loyiha bilan ham tanishdi.
Muloqotlar davomida loyihalarni takomillashtirish hamda amalga oshirishning texnik va iqtisodiy tomonlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.