Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim intensiv usulda baliq boqish jarayoni bilan tanishdi
10:46 / 2023-04-28

Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Turon oltin baliq havzasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi “Surxon sohili” mahallasi hududida ikki gektar maydonda uchta sun’iy ko‘l tashkil etib, intensiv usulda baliq yetishtirmoqda.

Sun’iy ko‘llarda baliqning sazan, oq amur, do‘ngpeshona kabi turlari parvarishlanmoqda. O‘tgan yili fermer 20 tonna baliq yetishtirib, arzon narxlarda iste’molchilarga yetkazib berdi. Joriy yilning dastlabki choragida 7 tonna baliq yetishtirdi.  

Mutaxassislarning fikricha, xorij tajribasi asosida sun’iy havzalarda baliq yetishtirishning qator afzalliklari bor. Sun’iy ko‘lda baliqlar tor muhitda kam harakatlanib, yetarli ozuqa bilan ta’minlangani sababli tez o‘sadi. Yuqori hosil olinadi. Kasalliklarga chidamliligi ortadi. Bu usulda ortiqcha yem xarajatlari kamayib, rivojlanishi tezlashadi.  

Baliq mahsulotlarining inson salomatligidagi o‘rni beqiyosdir. Oqsil va yog‘larga boy mahsulotda uglevodlar ham mavjud. Uni tez-tez iste’mol qilib turish yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga shifo bo‘lishi aniqlangan. Tez hazm bo‘lishi va parhezbopligi baliqning qiymatini yanada oshiradi. Shuningdek, inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib iste’mol qilingan.  

Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, sun’iy ko‘llarda boqilayotgan baliqlar va oziqlantirish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Loyiha bilan tanishib, uni kengaytirish, baliq yetishtirish hajmini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi.  

Mazkur loyiha uchun 9,6 gektar maydon ajratilgan. Bu yil fermer yana bitta sun’iy ko‘l barpo etib, unga 15 tonna baliq chavog‘i tashlaydi. Yil yakunigacha 30 tonna baliq yetishtiriladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  
O‘zA muxbiri