Surxondaryo viloyati tumanlari hokimlari xorijda mehnat qilayotgan migrantlar bilan onlayn suhbatlashib, ularning muammolarini o‘rganmoqda.
Ana shunday muloqotlardan birida Qiziriq tumani hokimi Sh.Rajabov chet elda ishlayotgan 140 ga yaqin yoshning taklif, tavsiya va o‘rtaga tashlagan masalalarini tingladi.

Suhbat chog‘ida mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va ular bilan manzilli ishlashga, muammolarini hal etib, aholi bandligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bu jarayonda xorijda yurgan fuqarolar muammolari ham o‘z yechimini topishi to‘g‘risida fikr almashildi. Chet davlatda bo‘lib turgan qiziriqliklarning talab va istaklari inobatga olinib, har haftaning shanba kuni ushbu muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.


Muloqotlar chog‘ida Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan, mazkur davlatdan chiqib ketayotgan fuqarolardan vaziyatdan kelib chiqib, xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda harakatlanishi tavsiya etilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri