Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim har bir oliy o‘quv yurtidagi talabalar bilan uchrashmoqchi
19:32 / 2023-12-22

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov “Rahbar va yoshlar muloqoti”da shunday tashabbusni ilgari surdi.

Bugungi kunda viloyatning 4 milliondan ortiq aholisi tarkibida 30 yoshgacha bo‘lganlar 2 million 315 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyat yaratish eng asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. 

– Shu yilning 11 aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi, – dedi uchrashuv avvalida E.Turdimov. – Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Yoshlar bandligi dasturi” orqali 54 ming nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, norasmiy sektorda band bo‘lgan 217 mingga yaqin yoshga o‘zini-o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi. Alohida ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan 28 mingdan ko‘proq yigit-qizning muammolari hal etildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 34 ming 797 nafar yoshga turli shakllarda 51 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Hokimlar va sektorlar rahbarlari ayni paytda xorijda bo‘lgan 31 mingdan ko‘proq yosh bilan onlayn muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarga yechim izlandi. Natijada ko‘plab yoshlar yurtimizga qaytdi, doimiy ish va daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Talaba bo‘lish orzusidagi, ammo shartnoma pulini to‘lashga imkon topolmayotgan yoshlarga qariyb 15 milliard so‘mlik to‘lov-shartnoma mablag‘i to‘lab berildi. Natijada 6 ming 627 nafar yigit-qiz talabalar safiga qabul qilindi.

Uchrashuvda yakuniga yetayotgan yilda samarqandlik yoshlar ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarida erishgan natijalar e’tirof etildi. Xususan, bu yil “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovida Samarqand shahridan Marhabo Mahkamtosheva g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi, “Bilim uchun 100 million” loyihasida kattaqo‘rg‘onlik Jahongir To‘rayev ikkinchi marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Yaqinda shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekistondan ilk bor Afruzaxon Hamdamova chempion bo‘ldi. Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo hamda IV paraosiyo o‘yinlarida samarqandlik Diyora Keldiyorova, Sharifa Davronova, Taxmina Ikramova, Vilana Savadyan, She’roz Hakimov, Davronjon Davronov hamda Dilshodjon Xudayberdiyev oltin medalga sazovor bo‘lib, viloyatning faxr-iftixoriga aylandi. 

Bugungi kunda yurtimiz yoshlarining ommaviy musobaqasiga aylangan “Besh tashabbus olimpiadasining bahorgi va kuzgi mavsumlarida samarqandlik yoshlar jami 50 ta medalni qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egalladi.

Ochiq muloqotda viloyat yoshlarining yutuqlari qayd etilishi bilan birga ularni qiynab kelayotgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning ilm o‘rganishi, kasb-hunar egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun to‘siq bo‘layotgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi. Yigit-qizlarning taklif va tashabbuslari eshitildi.

Jumladan, Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi Gulruxsor Nurmuhamedova maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan, ammo keyinchalik to‘xtab qolgan viloyat hokimi olimpiadasini qayt tiklash bo‘yicha taklif bildirdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali talabasi Gulshan Bozorova IT-yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari qoshida o‘quv-ishlab chiqarish laboratoriyalarini tashkil etish, Samarqand shahridagi Gulbahor mahallasi yoshlar yetakchisi Madina Qo‘shaqova esa yetakchilar o‘rtasida viloyat miqyosida sport musobaqalari o‘tkazish tashabbuslarini ilgari surdilar. 

Viloyat hokimi bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, shu yerning o‘zida mutasaddilarga topshiriq berdi.

Ochiq muloqot davomida yoshlar tomonidan aytilgan har bir masala, taklif va tashabbuslar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Viloyat hokimi esa 2024 yilda Samarqanddagi barcha oliy o‘quv yurtlariga tegishli boshqarma va idoralar rahbarlari bilan birga borib, talabalar bilan shu kabi ochiq muloqotlar o‘tkazishini ma’lum qildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari