Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim futbol muxlislari bilan uchrashdi
17:32 / 2026-02-17

Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov 2026-yil mavsumi oldidan "Navbahor" klubi muxlislari bilan uchrashdi.

Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda “Lochinlar” klubi rahbariyati, klub a’zolari va faxriy muxlislar, yoshlar jamoalari murabbiylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, “Navbahor”ni safar hamda uy uchrashuvlarida tartibli, ko‘tarinki ruhda qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Millionlar o‘yiniga bo‘lgan qiziqishni oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ta’kidlanganidek, “Navbahor” nafaqat yurtimiz, balki Osiyo yashil maydonlarida ham o‘ziga xos brendga aylangan. Futbol namanganliklar hayotining bir qismi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.  Shu ma’noda, qit’amizda o‘z so‘zini aytgan “Lochinlar”ning so‘nggi yillardagi yutuqlari, sevimli jamoamizning avvalgi mavqei tiklanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.  

Viloyat hokimi faol muxlislarga minnatdorlik bildirib, ishqibozlarning sadoqati va qo‘llab-quvvatlashi katta kuch ekanligini ta’kidladi. Muloqot yakunida “Navbahor” ravnaqi yo‘lida olib borilayotgan ishlarga bardavomlik, “Lochinlar”ga yangi mavsumda omad  tilandi.

Darvoqe, jamoa rahbariyatida bir qator kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi. Stadionda o‘tgan yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Abdumalik Umrzoqov “Navbahor” klubi direktori, Mirshod Mirzayev klub tijorat direktori, Nabixon Abdug‘aniyev “Markaziy” o‘yingoh direktori etib tayinlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA