Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Gulbog‘ mahallasida 42 ta bog‘dorchilik va uzumchilik fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi. Hududda 125 gektar bog‘ va 330 gektar tokzor mavjud.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uzum tarkibida ko‘p miqdorda qandlar, organik kislotalar, S, V vitaminlari, oshlovchi va bo‘yoq moddalar mavjud bo‘lib, xalq tabobatida esa uzum sharbati, shuningdek, uzumning nordon navlari ishtahani ochuvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi vosita sifatida qo‘llaniladi.
– Mahallamizda 3400 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Karim Akramov. – Mahallamizda aholining asosiy daromadi bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirib sotishdan olinadi. Ayni paytda fermerlarimiz ana shu yerga qilgan mehnatlari samarasi bois to‘kin-sochinlikda yashamoqda. Har yili ular olgan daromadlaridan to‘ylar qilyapti, yangidan-yangi uy-joylar quryapti, mashinalar olyapti.
2021 yil 28 iyulda Prezidentimizning “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Unda mamlakatimizda uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tizimini yo‘lga qo‘yish, alkogol bozorini tartibga solishning samarali mexanizmlarini keng joriy etgan holda respublikani sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, sohaning eksport salohiyatini kuchaytirish, investitsion jozibadorligini oshirish, shuningdek, vinochilik turizmini (enoturizm) rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimi Ulug‘bek Fayziyev Abdujabbor Avezov rahbarligidagi “Said Siroj Samandar” fermer xo‘jaligining tokzorida bo‘lib, “Gulbog‘” mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan bog‘dorchilik va uzumchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashdi.
Hozirda A.Avezov bir gektar maydonda uzumning gigant, mers, ketmon sopi, rizamat ota, qora kishmish navlarini parvarishlab kelmoqda.
– Uzumning gigant navini Samarqanddan olib kelganman, – deydi Abdujabbor. – Uning mayizi donasi yirikligi, danagi yo‘qligi bilan ajralib turadi. Mayiz qilish jarayonida obi-tobida quritsangiz, kilosini 200-250 ming so‘m atrofida sotish mumkin. Mayiz shirinligi bois juda xaridorgir.
Uchrashuv so‘ngida fermerlarning muammo va takliflari tinglanib, tegishli tavsiyalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA