Navoiy davlat pedagogika institutida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov ishtirokida “Hokim va bitiruvchilar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat rahbari institutda yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot ishlari va talabalarning ijodiy qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Shuningdek, viloyat hokimi institut rektori Bahodir Sobirov va sektorlar rahbarlari hamrohligida tashkil etilgan taqdimotlar bilan tanishib, respublika va xalqaro musobaqalar sovrindorlari, “Besh tashabbus olimpiadasi” ishtirokchilari, ularning ustozlari bilan suhbatlashdi. “Inkubatsiya va akseleratsiya” markazida bo‘lib, ham o‘qib ham ishlayotgan talabalar bilan muloqot qildi, ularning startap loyihalari bilan tanishdi.
Joriy yilda institutni 20 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2029 nafar, 17 ta magistratura ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 210 nafar talaba tugatmoqda.
Uchrashuvlar jarayonida Navoiy shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Dilyara Tuxfatulina viloyat markazidagi umumta’lim maktablari tomonidan oliygohning joriy yilgi bitiruvchilarini ishga qabul qilish jarayoni, ayni paytgacha tuzilgan mehnat shartnomalari to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
“Kasbga qarab ish tanlash – muhim vazifa. Bugun maktablar salohiyatli yosh o‘qituvchilarni kutmoqda”, dedi viloyat hokimi.
Uchrashuvda talabalar erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi va bir qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, xorijiy tillarni ommalashtirish, hududiy bandlik bozori ehtiyojlarini prognozlash, o‘quv va ilmiy laboratoriya bazalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, sport-sog‘lomlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Talabalarning “Hokim soati” darslarini tashkil etish taklifi hokim tomonidan ma’qullandi.
Institutda bitiruvchilarni o‘z mutaxassiliklari bo‘yicha ishga joylashtirish maqsadida mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda viloyatdagi 70 ga yaqin korxona, tashkilot, muassasa va tijorat banklari o‘z bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA