Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov boshchiligida tegishli soha va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida dehqon bozori va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida navbatdagi profilaktik o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘rganish jarayonida savdo va xizmat ko‘rsatish joylaridagi holat atroflicha ko‘zdan kechirildi. Xususan, ayrim tadbirkorlik sub’ektlarida yong‘in xavfsizligi talablariga zid ravishda suyultirilgan gaz ballonlarining noto‘g‘ri o‘rnatilgani, shuningdek, noqonuniy tartibda kesilgan saksovul o‘simligidan yoqilg‘i sifatida foydalanilayotgani kabi jiddiy qoidabuzarliklar aniqlandi.



Sanitariya-gigiyena bo‘yicha ham qator kamchiliklar qayd etilib, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tozalik, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlari va xodimlarning gigiyena qoidalariga amal qilishi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, aholiga xizmat ko‘rsatishda xavfsizlik birlamchi masala ekani yana bir bor eslatildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.