Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim bitiruvchilar muammolarini o‘rgandi
11:30 / 2025-05-21

Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi va jamiyatda munosib o‘rin topishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda.

Buxoro viloyati Shofirkon tumani hokimi Alisher Fayzilloyevning buxorolik talabalar bilan  uchrashuvi ham qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Buxoro viloyatidagi yettita oliy ta’lim muassasasini bitirayotgan talabalar ishtirok etgan ochiq muloqotda bildirilgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi.  

Uchrashuvda bitiruvchilarning yuzdan ziyod murojaati tinglandi. Ularning aksariyati mutasaddilar ishtirokida joyida hal etildi, ayrimlariga tegishli huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Talabalar asosan ishga joylashish, ta’lim va tibbiyot sohasidagi muammolar, shuningdek, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha murojaat qildi.

[gallery-23475]

– Sizlarning faolligingiz, savollaringiz va tashabbuslaringiz biz uchun muhim, – dedi tuman hokimi Alisher Fayzilloyev. – Bugungi muloqot shunchaki uchrashuv emas, balki har bir murojaat ortida turgan hayotiy masalalarni hal etishning amaliy bosqichidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlar – bu bizning bugunimiz va ertamiz. Biz ularning bilim olishi, kasb egallashi, orzu-maqsadlariga erishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga majburmiz. Har bir yoshning hayotda o‘z o‘rnini topishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.

Tadbirda ishtirok etgan bitiruvchilar o‘zlari uchun kerakli maslahatlarni olganidan mamnunligini bildirdi.  

–Men pedagogika yo‘nalishida tahsil oldim, –  deydi Buxoro davlat universiteti talabasi Ziyoda Norqobilova. – Maktabda ishlashni istayman. Bugun mutasaddilar bilan bevosita gaplashib bu masala bo‘yicha tegishli maslahat oldim.

Buxoro innovatsiyalar universiteti bitiruvchisi esa o‘z biznesini boshlash niyatida ekani, imtiyozli kredit va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bo‘yicha batafsil ma’lumot olganini bildirdi.

Bandlikka ko‘maklashish markazi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, yoshlar ishlari, soliq kabi mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan bitiruvchilarning savollariga batafsil javob berildi.

Mutasaddilar yoshlarning kasb tanlashi, hayotda o‘z o‘rnini topishi doimiy e’tibordaligi, ishsiz yoshlarni aniqlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, ishga joylashtirish va kreditlar ajratish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimli yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlashdi.  

Muloqot yakunida barcha murojaatlar bo‘yicha nazorat kartochkalari ochilib, ularni hal etish yuzasidan aniq choralar belgilandi.  

Dilorom G‘afforova,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari