English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hojilar tashabbusi: “Maktabimga va nabiramga 10 kitob”
16:04 / 2024-01-31

O‘tgan yili Toyloq tumanidan ikki mingga yaqin yurtdoshimiz Umra va qirqdan nafardan ortiq kishi Haj amallarini bajarib keldi.

Aslida, bu oddiy gap, xabar. Lekin buning mohiyatini anglagan odam uchun bu kichik raqamlar emas.  

Rost-da, bir necha yil oldin Saudiya Arabistoniga borib, ushbu ibodatlarni bajarib kelishga ko‘pchilikning iqtisodiy imkoniyati yetsa-da, buning imkoni yo‘q edi. Yillab navbatda turishga to‘g‘ri kelardi. Bu orzusiga erisholmay o‘tib ketganlar qancha bo‘ldi?!

Shukrki, bugun yil davomida Umra amallarini bajarib kelish uchun davlatimiz tomonidan sharoit yaratildi. Xususiy sayyohlik firmalariga ham bu faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi. Hajga yo‘llanmalar soni yil sayin oshib borilmoqda.  

Endilikda yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistoniga borish uchun elektron viza olishi va bu bilan Umraga borishi hamda qirollik bo‘ylab sayohatni amalga oshirishi mumkin.

Xullas, bugun Makka va Madina shaharlariga borib, muqaddas dinimiz amallarini bekamu ko‘st ado etib kelish uchun keng imkoniyat bor. Va bu imkoniyatdan hamyurtlarimiz samarali foydalanmoqda.

To‘g‘ri, ba’zida ulug‘ ibodatni bajarib kelgan ayrim kishilarning turli dabdabalarga berilayotgani, ortiqcha ma’raka-marosimlar o‘tkazayotgani haqidagi gap-so‘zlarni eshityapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi videolavhalarga ko‘zimiz tushyapti. Lekin bunday holatlar sekin-asta kamayib bormoqda va, umuman olganda, ijobiy jihatlar ko‘proq namoyon bo‘lmoqda.

– Avvalo, ushbu safarlarga borishni niyat qilishning o‘zi kishini ruhan poklanishga, ko‘proq ezgu ishlarni amalga oshirishga undaydi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toyloq tumani bo‘limi rahbari Ziyodulla Avazov. – Bu uning oilasidagi muhitga, yaqinlariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bunga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Hatto, hojilar ko‘p bo‘lgan mahallalarda ijtimoiy-ma’naviyat muhit boshqa joylardagidan farq qilishini ko‘rganmiz. Odamlar bunday kishilarning gapini ikki qilmaslikka intiladi, pand-nasihatiga quloq tutadi. Bu xalqimizning muqaddas dinimizga e’tiqodi mustahkamligi, ezgu ishlarga xahrixohligi bilan ham bog‘liq, lekin baribir hojilarning el o‘rtasida obro‘-e’tibori yuqori bo‘lishi haqiqat. Va bundan yoshlar ta’lim-tarbiyasi, joylardagi yaxshi ma’naviy muhit yaratish, oilaviy ajrimlarning oldini olishda foydalanish mumkin. Biz tumanimizda aynan shunday yo‘l tutyapmiz.

Qarang, bir yilda ikki mingdan ortiq toyloqlik muqaddas safarga borib kelibdi. Bu kichik raqam emas. Tumandagi 50 mahallaning har biridan kamida o‘n  kishi Umra yoki Hajga borgan. Bu degani  nafaqat o‘sha ikki ming xonadonda, balki mahallalarda ham ma’naviy muhit o‘zgaradi. Bunga joylarda aholi bilan uchrashganimizda ham ko‘p guvoh bo‘layapmiz.

Misol uchun, Jumabozor qishlog‘idagi hojilar “Maktabimga va nabiramga o‘n kitob” tashabbusi bilan chiqib, farzandu nabiralariga va ular o‘qiyotgan maktablarga kitoblar sovg‘a qilishdi. Tepaqishloq mahallasida yashovchi Shafoat hoji ona esa kam ta’minlangan oilalarning 15 nafar farzandi sunnat to‘yini o‘tkazib berdi. Chorbog‘tepa mahallasidagi Isroil hoji To‘xtayev esa o‘z tibbiy  klinikasida 20 nafarga yaqin kambag‘al kishining salomatligini tiklashiga ko‘maklashdi. Xonchorbog‘lik Otabek hoji mahalla ko‘chalarini obod qilib, qabriston atrofini devor bilan o‘rashga bosh-qosh bo‘ldi.

Hojilarning bunday ibratli ishlarini har bir mahalla, qishloqda ko‘rish mumkin.

– El oldiga chiqqanimizda o‘sha hudud ahli hoji ota, hoji onalar gapirsin, deyishadi, – deya so‘zida davom etadi Z.Avazov. – Ular orqali o‘z taklif, tashabbuslarini bildirishadi. Ba’zida ayrim xonadonlardagi notinchlikni o‘rganish yoki oilaviy ajrimlarning oldini olish uchun borganimizda ham mahalla xodimlari bilan birga hoji ota va onalar hamrohimiz bo‘lishadi. Ularning nasihatlari, pandlari ko‘proq tosh bosadi. Ba’zida ularning o‘zlari ibrat bo‘lib notinch oilalardagi xotirjamlik uchun kafil bo‘lishadi. Birovning, garchi ular qo‘ni-qo‘shni bo‘lsa ham, tashvishini o‘ziniki kabi qabul qilish, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashni o‘z zimmasiga olish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Ana shu jihatlarni hisobga olib, mahallarda hoji ota va hoji onalardan iborat targ‘ibot guruhlari tashkil etyapmiz. Bu borada joriy yildan ish boshlagan mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda ishlayapmiz.

Ezgu ishlarni amalga oshirish va odamlarga yaxshilik qilish, mehr-muruvvatli bo‘lish, xayriya va saxovat yumushlari muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalari hisoblanadi. Qolaversa, bu har bir inson tomonidan qalb amri bilan bajariladi. Netongki, bunda hojilarning ibrat bo‘lishi, qilgan amallariga mos ezguliklari boshqalar uchun saboq vazifasini o‘taydi.

G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri