Tarix sahnasidagi buyuk hukmdorlar nomi ko‘pincha ulkan fathlar, mislsiz janglar va zabt etilgan mamlakatlar bilan yonma-yon tilga olinadi. Biz ularning obrazini qo‘lida qilich tutgan, jangovar liboslardagi sarkarda sifatida tasavvur qilishga o‘rganib qolganmiz.
Ammo saltanatlarning poydevorini faqatgina qilichning zarbi bilan qurib bo‘ladimi? XVI asrning buyuk davlat arbobi Abdullaxon saltanati solnomachisi Hofiz Tanish Buxoriy o‘zining “Abdullanoma” asarida bu savolga butunlay kutilmagan, bugungi kun uchun ham dolzarb bo‘lgan falsafiy javobni taqdim etadi. Uning nazdida, davlatning haqiqiy asosi – komil inson va uning eng qudratli quroli – qalamdir.
Hofiz Tanish Buxoriy o‘z asarini an’anaviy hamdu sano bilan boshlab, shu o‘rinda Yaratganning insonga bergan eng ulug‘ ne’mati – nutq, ya’ni so‘zlash qobiliyati ekanini alohida ta’kidlaydi. Uningcha, aynan so‘z tufayli inson “jahonni yoritadigan gavhar”ga aylanadi. Muallif butun insoniyat tarixini “so‘z chizimi bog‘langan hadis rishtasining boshidir” deya ta’riflaydi. Bu – davlatchilik va jamiyat haqidagi yangicha qarash. Unga ko‘ra, jamiyatni boshqaruvchi va uning taraqqiyotini belgilovchi asosiy kuch – bu moddiy boylik yoki harbiy qudrat emas, balki teran fikr, aniq ifoda etilgan g‘oya va adolatli so‘zdir. Hofiz Tanish “boru yo‘qqa barobar nur sochuvchi” va “ust va ostga barobar yog‘uvchi bulut” deya aynan so‘zni keltiradi. Bu bilan u saltanatning barcha tabaqalariga – xoh u yuqori mansabdor, xoh oddiy fuqaro bo‘lsin – birdek yetib boruvchi va ta’sir etuvchi vosita so‘z ekaniga ishora qiladi.
Tarixchi o‘z asarida “qalam” va “qilich”ni tez-tez qiyoslab, ularning davlat hayotidagi o‘rnini belgilashga urinadi. Bir qarashda, u “qalam o‘rniga qo‘lingga ko‘krakni teshib o‘tadigan nayza ol!” deya xitob qilgandek bo‘ladi. Ammo bu shunchaki harbiy ritorika emas, balki kontekstni chuqurroq anglashni talab qiladigan badiiy san’atdir. Hofiz Tanishning asl maqsadi – har bir narsaning o‘z o‘rni va vazifasi borligini ko‘rsatish. Uning fikricha, “agar xanjar dushman yuziga yashindek o‘tli bo‘lib kulib boqmasa, hamma biladiki, ma’rakada qalamning yig‘lashi bilan hech narsa chiqmaydi”. Ya’ni, tashqi tahdidlar mavjud bo‘lganda qilich kerak. Ammo mamlakat ichkarisidagi barqarorlik, adolat va taraqqiyotni qalamsiz, ya’ni ilm, ma’rifat va aniq yozilgan qonunlarsiz ta’minlab bo‘lmaydi. “Agar ikki tilli qalam chiroyli va shirin so‘zlovchi bo‘lsa ham, uni tig‘ bilan aloqasi yo‘qdir” deya, u har ikkisining o‘z vazifasi borligini yana bir bor tasdiqlaydi.
XVI asr sharoitida hukmdorning savodxonligi, yozuv-chizuvdan xabardorligi uning yuksak madaniyatliligi va keng dunyoqarashidan dalolat bergan. Hofiz Tanish Abdullaxonning nafaqat buyuk sarkarda, balki o‘tkir qalam sohibi ekanini ham faxr bilan tilga oladi. Uning yozishicha, xon “tirishish qalamini o‘zini mashaqqatga solish bilan yorib, toqat maqatida kesdi”. Bu o‘rinda “maqat” – qalam uchini kesish uchun ishlatiladigan maxsus asbobdir. Ya’ni, hukmdor yoshligidanoq xattotlik san’atining mashaqqatlarini o‘rgangan, sabr-toqat bilan o‘z husnixatini mukammallashtirgan. Tarixchi Abdullaxonning qalami oldida hatto “yozuvchi va shoirlar homiysi” hisoblangan Utorid (Merkuriy) sayyorasi ham “o‘zidan ketishini”, mashhur xattot “Yoqutning qalami uyalib boshini egishini” yozib, uning bu sohadagi mahoratiga yuksak baho beradi. Bu tasvirlar orqali biz Abdullaxon shaxsiyatining butunlay boshqa, ijodkor va ziyoli qirrasini kashf etamiz.
Hofiz Tanish uchun “so‘z” va “qalam” – bu shunchaki muloqot yoki yozuv quroli emas. Ular – saltanatni mustahkamlovchi, adolatni qaror toptiruvchi va kelajak avlodlarga ibrat qoldiruvchi vositalardir. U “ilm daryosidan o‘tish – iboralar kechuvchi bilan bo‘ladi” deya, murakkab ilmiy haqiqatlarni ham xalqqa sodda va tushunarli so‘zlar orqali yetkazish mumkinligiga ishora qiladi. Uning nazarida, agar ilm gavhari so‘z bezagi bilan ziynatlanmasa, u olimning zehnidan tashqariga chiqmaydi, jamiyatga foyda keltirmaydi. Shu sababli ham Abdullaxon saroyida Hofiz Tanish kabi so‘z ustalari, tarixchilar va shoirlar yuksak qadrlangan. Ularning vazifasi shunchaki xonning g‘alabalarini madh etish emas, balki uning bunyodkorlik ishlarini, adolatini, mamlakat obodonchiligi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini tarix muhri bilan kelajakka yetkazish edi.
Xulosa qilib aytganda, “Abdullanoma” – bu shunchaki jangnomalar solnomasi emas. Bu – XVI asrda Turonda davlatchilik, jamiyat va inson haqida qanday teran falsafiy qarashlar mavjud bo‘lganini ko‘rsatuvchi noyob merosdir. Hofiz Tanish Buxoriy bizga kuch va qudrat faqat qilichda emasligini, haqiqiy boqiylik – bunyodkor g‘oyalar, adolatli so‘z va avlodlar uchun ibrat bo‘ladigan yozma merosda ekanini uqtiradi. Bugungi kunda, axborot va bilim eng oliy qadriyatga aylanayotgan bir davrda, ajdodlarimizning so‘z qudratiga bo‘lgan bunday yuksak e’tibori biz uchun katta ibrat manbaidir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA