Isroil bilan munosabati o‘ta keskinlashgan bir payt Hizbulloh ilk bor yahudiylar tomon qadam tashladi.
– Hizbulloh Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi seshanba kuni guruhning yuqori martabali rasmiysi.
Harakat birinchi marta sulhni ma’qulladi, lekin G‘azodagi urushni to‘xtatish haqida hech qanday fikr bildirmadi.
– Parlament spikeri Nabih Berri boshchilik qilayotgan sulhga erishish yo‘lidagi siyosiy sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi Bosh kotib o‘rinbosari Naim Qosim. – O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mustahkamlanib, diplomatiyaga erisha olsak, keyin qolgan barcha tafsilotlar muhokama qilinadi va hamkorlikda qarorlar qabul qilinadi.
Hizbulloh bilan ittifoqchi hisoblangan shialarning Amal partiyasi rahbari Nabih Berri G‘arb davlatlari vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokarada muhim shaxsdir.
Ma’lumki, Livandagi Hizbulloh guruhi G‘azo Isroilga hujum boshlagandan bir kun o‘tib, ya’ni o‘tgan yil 8 oktyabrida XAMAS bilan birdamligini ko‘rsatish uchun Isroilga qarata o‘q uza boshlagan. Keyinroq G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgach, Isroilga qarshi hujumdan chekinishini bildirgan edi. Isroil esa Hizbullohdan o‘zaro mojaroni XAMAS bilan davom etayotgan urushga aralashtirmaslikni talab qildi.
Hizbulloh urushga qo‘shilganining bir yilligiga bag‘ishlangan nutqida Qosim Livanda kelishuvga erishish sharti sifatida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish haqida gapirmadi. Bu uning o‘tgan oy oxirida guruh yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘ldirilgandan keyingi ikkinchi chiqishi edi. O‘shandan beri Isroil mamlakat shimoliga raketa otishni davom ettirayotgan Hizbullohni nishonga olib, Livan janubiga cheklangan quruqlikdagi amaliyotni boshladi.
Livan tashqi ishlar vaziri Abdulloh Bou Habib AQSH Prezidenti Jo Bayden, uning fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron va boshqa ittifoqchilar tomonidan BMT Bosh Assambleyasining o‘tgan oy bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi chaqirig‘i – “vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish”ga Nasrulloh rozi bo‘lganini ta’kidladi. Ko‘p o‘tmay esa u o‘ldirildi.
Qo‘shma Shtatlar rasmiylari SNN telekanaliga aytishicha, Bayden ma’muriyati kelishuvni qayta tiklash uchun faollik ko‘rsatmayapti. Shuningdek, Isroilning Livan va Eronga qarshi operatsiyalarini shakllantirish yoki cheklashga urinmayapti.
Isroilning Buyuk Britaniyadagi elchisi Szipi Xotoveli yakshanba kuni Nasrulloh o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmaganini ta’kidlab, Bou Habibning da’vosini “bema’nilik” deb atadi.
Urush maydonidagi mislsiz jarlik
Seshanba kungi video murojaatida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Nasrullohning vorisi Hoshim Safiddin “yo‘q qilingani”ni aytdi. Binobarin, Isroil harbiylari Bayrutdagi Hizbulloh razvedka boshqarmasiga berilgan zarbada uning halok bo‘lgan-bo‘lmagani hamon tekshirilayotganini bildirdi.
Netanyaxu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Livan xalqiga murojaat qilib, Hizbullohga qarshi turish, “mamlakatni qaytarib olish”ga chaqirdi. Aks holda nihoya G‘azo bilan bir xil bo‘lishi bilan tahdid qildi.
– Nasroniylar, druzlar, musulmonlar – sunniyr va shialar – barchangiz Hizbullohning Isroil bilan behuda urushi tufayli azob chekyapsiz, – dedi u. – Sizda Livanni G‘azodagi kabi vayronagarchilik va azob-uqubatga olib boradigan tubsiz urushdan qutqarish imkoni bor.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotiga ko‘ra, Isroilning Hizbullohga qarshi urushi Livanda 1400 dan ortiq odam hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan. Hukumat ma’lumotida o‘tgan oy avj olgan jangdan keyin jami 1,2 million odam uy-joyini tark etgan.
O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokara masalasida bosh irg‘ashiga qaramay, Qosim biroz itoatkor ohang kasb etgan kechagi chiqishida, asosan, Hizbulloh Isroilga qarshi kurashni davom ettirishga tayyorligi va yetarli qobiliyatga egaligini ta’kidladi.
– Agar dushman urushni davom ettirsa, barchasi jang maydonida oydinlashadi va yakunda g‘alaba bizniki bo‘ladi, – degan u.
Musulmon Ziyo, O‘zA