Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hisor” davlat qo‘riqxonasidan fotoreportaj
18:24 / 2026-01-05

Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududlarida joylashgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasi nafaqat tabiatni asrash maskani, balki ilmiy izlanishlar va fidokorona mehnat uyg‘unlashgan joydir.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasining qishki manzarasi ijodkor uchun o‘zgacha ilhom manbaidir. Qorli tog‘lar, muzlagan sharsharalar va sokin tabiat qo‘ynida olis xayollarga berilish – o‘zlikni anglash va kelajakka umid bilan qarash imkonini beradi. Bu yerda vaqt go‘yo sekinlashgandek, shahar shovqinidan uzoqda, tabiatning sirli olamiga sho‘ng‘ib ketgandek bo‘lasiz.

Kelgusi avlodlarga bu betakror hududni asl holicha yetkazish – “Hisor” qo‘riqxonasining asosiy maqsadidir. Qo‘riqxona xodimlari bu yo‘lda tinimsiz mehnat qilib, tajribali mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yosh avlodga o‘rgatib kelmoqda. Ekologik ta’lim va targ‘ibot ishlari doimiy ravishda olib borilib, mahalliy aholi va sayyohlar o‘rtasida tabiatga mehr va ehtiyotkor munosabat hissini uyg‘otishga qaratilgan.  

[gallery-27000]

“Hisor” davlat qo‘riqxonasida olimlar qishda hayvonlarning oziqlanish xususiyatlari, migratsiya yo‘llari va yashash joylarini chuqur o‘rganadi. O‘simliklar olamida yangi turlar kashf etilib, milliy gerbariy fondi boyitiladi.  

Qish fasli qo‘riqlash xodimlari uchun katta mas’uliyat davri. Ular qorli dovonlarda patrul xizmatini olib borib, brakonerlarning  yo‘lini to‘sadi, hayvonlarning har bir izini kuzatib boradi. Har kuni navbatchilik qilish, tog‘ bag‘rida piyoda yurish ularning kundalik vazifasiga aylangan. Hatto qorong‘u qish tunlarida ham ular hushyorlikni yo‘qotmay, qo‘riqxona hududining daxlsizligini ta’minlaydi.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasi bu – nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining bebaho boyligidir. Uni asrash va kelgusi avlodlarga yetkazish – barchamizning burchimizdir. Qishki sokinlik hukmron bo‘lgan bu maskanda tabiat va inson o‘rtasidagi uyg‘unlikning go‘zal namunasi namoyon bo‘ladi.  

Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA