Sayohat manzillari
Bugungi kunda o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish, keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash dolzarb masalalardan biri sanaladi. Shu bois bu omillar davlatimiz rahbarining joriy yil boshida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga ham kiritildi, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda biologik xilma-xillikni saqlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Qashqadaryo viloyatida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda fotomuxbir bilan “Hisor” davlat qo‘riqxonasiga yo‘l oldik.
Qo‘riqxonaning yovvoyi tabiatiga sayohat Shahrisabz tumanida joylashgan Tashrif markazidan boshlanadi. Markaz doimiy ravishda tabiat shaydolari bilan gavjum.
Yetib borganimizda markazda bir guruh talabalar sayohat qilishayotgan ekan. Ulardan birini suhbatga chorladik.
– Doim yovvoyi tabiat, ayniqsa, uning hayvonot dunyosi meni qiziqtirib kelgan, – deydi Shahrisabz davlat pedagogika instituti 3-kurs talabasi Mohigul Jumayeva. – Tashrif markazida “Hisor” davlat qo‘riqxonasining o‘simlik va hayvonot dunyosi haqida batafsil ma’lumot oldim. Ayniqsa, u yerda qor qoploni borligi haqidagi fikrlar meni qiziqtirib qo‘ydi va kelgusida qo‘riqxonaning o‘ziga sayohat qilishni maqsad qildim. Yovvoyi hayvonlarni jonli kuzatish zavqini his qilish juda o‘zgacha bo‘lsa kerak.
Albatta, bunday zavqni biz ham his qilishni istardik. Shu bois qo‘riqxonaga qarab sayohatimizni davom ettirdik.
Qo‘riqxonaning bir necha nafar vakillari hamrohligida Tanhozdaryo bo‘limiga yo‘l oldik.
Har doimgidek azim qoyalarni yonboshlab borgan xavfli yo‘llardan o‘tib, bo‘limning qo‘riqlash xodimlari “kardon” deb ataydigan xodimlarning dam olish maskaniga kelib to‘xtaymiz. “Kardon” yonida Tanhozdaryo shovullab oqib o‘tadi. Shu yerdan qo‘riqxonaning Tanhozdaryo bo‘limi boshlanadi.
Birgalikda yolg‘izoyoq so‘qmoqdan yuqoriga qarab o‘rmalaymiz. Maqsad yovvoyi tabiat, uning ajoyibotlari bilan yuzma-yuz ko‘rishish, shu bilan birga qo‘riqchilar ishtirokida biotexnik tadbirlarni o‘tkazish. Qo‘riqlash xodimlari tog‘u toshda yuraverib o‘rganib ketgan, bizga esa yo‘l mashaqqatlari har qadamda bilinadi.
Ma’lum bir masofaga yetganimizda qoya yonidagi tekislikda to‘xtaymiz. Qo‘riqlash xodimlari qoya bag‘ridagi ungurlarga hashak qo‘ya boshladi. Bu hashak ob-havoning noqulay sharoitlarida o‘txo‘r hayvonlarning jon saqlashiga xizmat qiladi. Ya’ni ular shu hashaklar bilan oziqlanadi.
– Biotexnik tadbirlarni o‘tkazishda aynan Sibir tog‘ echkisi kabi o‘txo‘r hayvonlar tushib keladigan yoki o‘tadigan joylarni tanlaymiz, – deydi qo‘riqlash xodimi Toshkentboy Tursunov. – Yillar davomida kuzatishlarimiz evaziga ularning yuradigan joylari bizga ma’lum. Har kuni qo‘riqxona bo‘ylab 10-15 kilometrdan ziyod masofani bosib o‘tamiz. Yurishning qancha masofa davom etishi ko‘proq ob-havoga bog‘liq. Yog‘ingarchilik paytlarida belgilangan masofani aylanib o‘tishimiz qiyin kechadi. Bahor va yoz oylarida bu ko‘rsatkich ikki baravar yuqori bo‘ladi.
–Hozir asosan qaysi hayvonlar ko‘zga tashlanadi,– so‘raymiz undan.
– Bunday paytda yaqqol ko‘rinadigan hayvonlar yovvoyi to‘ng‘iz bilan Sibir tog‘ echkilari, – deya fikrini davom ettiradi Toshkentboy aka. – Qorli sharoitda tezroq ko‘zga tashlanadi ular. Keyin kakliklarning harakatlarini, qorning ustida uchib yurganligini kuzatsak bo‘ladi. Bundan tashqari, burgut, lochin, boltayutarlarni yaqqol kuzatish mumkin. Bugungi kunda biotexnik tadbirlar muntazam olib borilmoqda. Og‘ir, noqulay ob-havo sharoitida, havo darajasi ancha pasayib ketgan paytlarda, anomal sovuqlarda biotexnik tadbirlarni o‘tkazish uchun zaxira ozuqa bazasi yaratilgan. Zaxira yem-xashaklarni yovvoyi hayvonlar keladigan va o‘tadigan joylarga tashlab chiqamiz va ularning yuqolib ketishining oldini olishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Yana yo‘limizda davom etamiz. Yuqorilaganimiz sayin qor qalinlashadi. Biror-bir yovvoyi hayvonni uchratish ilinjida qo‘riqchilar durbinida olislarga ko‘z tashlaymiz. Xuddiki bizni panadan kuzatib o‘tirgandek hech biri ko‘rinish bermaydi. Lekin qorlarda qolgan ayyor tulkining, bo‘talar orasiga shoshgancha o‘zini urgan tovushqon izlari ularni sotib qo‘yadi. Qorda qolgan yangi izlar yaqindagina ularning shu yerdan o‘tgani haqida xabar berib turardi.
– Hozirgi kunda “Hisor” davlat qo‘riqxonasida 276 turdagi hayvon hamda qushlar aniqlangan, – deydi “Hisor” davlat qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Behruz Begaliyev. – Shundan 115 turi qushlar, 31 turi sut emizuvchilar, 19 turi sudralib yuruvchilar, 107 turi hasharotlar, ikki turi baliqlar va ikki tur amfibiyalar aniqlangan. Ulardan 8 turi ya’ni qorqoploni, Turkiston silovsini, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, O‘rta Osiyo qunduzi, kichik takaburun va oq qorinli o‘qquloq ko‘rshapalak, o‘rmon olmaxoni, qizil sug‘ur, qushlar sinfiga mansub 8 tur – tasqara, boltayutar, qumoy, oq boshli qumoy, burgut, qora laylak, lochin, itolg‘i va baliqlar sinfiga mansub Amudaryo gulbalig‘i, jami 17 turdagi noyob yo‘qolib ketish xavfi ostidagi fauna vakillari O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitob”iga kiritilgan. Shuningdek, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining “Qizil kitob”iga sut emizuvchilardan ilvirs qorqoploni, qizil so‘g‘ir, o‘rmon olmaxoni, kichik takaburun, qushlardan tasqara, qumoy, oq boshli qumoy, boltayutar, burgut, lochin, itolg‘i va qora laylak kiritilgan.
Masalan, qorqoploni Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi va O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan, yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur hisoblanadi. Shuningdek, SITES – yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi va bioxilma-xillikni saqlash Konvensiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Ovlash qat’iyan taqiqlangan. O‘zbekistondan tashqari Xitoy, Nepal, Qirg‘iziston, Mongoliya, Tojikiston, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Afg‘oniston va Butan kabi davlatlar hududida uchraydi. Yer yuzida saqlanib qolgan qor qoplonining soni 2700-3400 bosh atrofida ekanligi taxmin qilinmoqda. Shundan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti” “Hisor” davlat qo‘riqxonasi davlat tabiatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot muassasasida 59-61 bosh qoplon yashayotgani aniqlangan.
Darhaqiqat, ushbu yovvoyi hayvonlarni asrab-avaylash, ko‘paytirish va qo‘riqxonadagi tabiiy muvozanatni saqlash u yerda faoliyat yuritayotgan qo‘riqlash xodimlarining bosh vazifasi. Shu bois ular kunu tun qo‘riqxonaning 81 ming gektardan ziyod maydonida nazorat tadbirlarini olib boradi. Belgilangan nuqtalarga fotoqopqonlar o‘rnatib chiqadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda qo‘riqxonadagi 4 ta bo‘lim hududida 75 dona fotoqopqon turli nuqtalarga o‘rnatilgan holda ishlatilmoqda. Ular orqali qo‘riqxonadagi yovvoyi hayvonlarning turi, soni aniqlanadi.
Yuqoriga ko‘tarilib, hamrohlarimiz bilan birgalikda bir nechta nuqtalarda o‘rnatilgan fotoqopqonlarni ko‘rish uchun boramiz. Nihoyat Zarafshon archasiga o‘rnatilgan fotoqopqonning oldiga yetib keldik. Yaqinidan ko‘ra olmagan hayvonlarni diqqat bo‘lib fotoqopqondagi tasvirlardan izlaymiz. Qarangki, biz yetib kelgan joydan yaqindagina qorqoploni o‘tgan ekan, inson sharpasini sezgach, yana yuqoriga ko‘tarilib ketibdi.
[gallery-22068]
Qo‘riqxona nafaqat yovvoyi hayvonot dunyosiga boy, balki u yerda noyob o‘simlik turlari ham o‘sadi. Mas’ullarning ma’lum qilishicha, “Hisor” davlat qo‘riqxonasi hududida 2500-3000 ga yaqin yovvoyi o‘simlik turlari o‘sishi soha mutaxassislari tomonidan e’tirof etilmoqda va hozirgi kunga kelib ushbu hudud florasining 1 ming 298 ga yaqin turi aniqlangan. Shundan O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan 34 tur o‘simlik o‘sishi aniqlangan.
Aytish joizki, viloyatdagi yirik suv omborlariga to‘planadigan suvning asosiy qismi “Hisor” davlat qo‘riqxonasi hududidan boshlanuvchi daryo va buloqlardan shakllanadi. Daryo va buloqlardagi suvning mo‘l bo‘lishi nafaqat yilning seryog‘in kelishiga, balki qo‘riqxona hududidagi archa va butalarning nobud bo‘lmasligiga bog‘liq.
– Qo‘riqxonamiz hududidan Oqdaryo, Tamshushdaryo, Suvtushar, Tanhozdaryo va Qizilsuv daryolari oqib o‘tadi, – deydi qo‘riqxona ilmiy xodimi Valijon Madiyev. – Viloyatimizdagi Hisorak, Pachkamar, Chimqo‘rg‘on kabi suv omborlarining suvlari aynan mana shu daryolar suvlaridan shakllanadi. Bir yilda chiqadigan suvi 800-900 ba’zan 1000 kubni ham tashkil qiladi. Bundan tashqari, ushbu daryo va buloqlar qo‘riqxonaga yaqin joylashgan 13 ta qishloqni ichimlik va oqova suv bilan ta’minlaydi. Daryo suvlari asosan qor va yomg‘irlar bilan to‘yinadi. Lekin yana bir jihat bor. Bir tup archa ildiziga bir tonna atrofida suv yig‘adi. Endi qo‘riqxonadagi millionlab archalarni tasavvur qiling. Buloq suvlari aynan mana shu archalar ildiziga to‘plangan suvlardan shakllanadi. Shu bois archa va butalarni ko‘z qorachig‘idek asrash ham juda muhim.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/IJuFXQorzU4" title="Sayohat manzillari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yovvoyi hayvonlarni ko‘rish ilinjida tog‘ning ma’lum bir joyigacha yetib bordik. Lekin hayvonlar biz yaqinlashgan sari uzoqlashdi. Shu yerga yetganda nihoyat ularni durbinlar orqali ko‘rish imkoni paydo bo‘ldi. Olisdan Sibir tog‘ echkilarining galasi ko‘zga tashlandi. Ammo uzoqligi bois tasvirga muhrlashning imkoni bo‘lmadi. Shunisiga ham shukr qildik. Qaytadigan manzilimiz uzoq bo‘lgani bois ortga qaytishimizga to‘g‘ri keldi. Shu tariqa qo‘riqxonaning yovvoyi tabiati bilan xayrlashdik va ortga qaytdik.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari