Tashvishli signal
Bu haqda Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mas’ullari ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, boshqarmaning ekologik nazorat inspeksiyasi va boshqarma xodimlaridan iborat ekologik nazorat guruhi tomonidan joriy yilning 17-18 fevral kunlari “Hisor” davlat qo‘riqxonasi va unga tutash tog‘li hududda davlat ekologik nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Nazorat tadbiri davomida qo‘riqxonaning Tanhozdaryo bo‘limi hududida tog‘ echkilar to‘dasi o‘tlab yurganligi, unda 10 boshdan ortiq tog‘ echkisi borligi aniqlangan.
Qo‘riqxona bufer zonasida tog‘ echkilar to‘dasidan 500 metr oraliq masofada bir bosh tog‘ echkisi shoxi va atrofda o‘tkazilgan nazorat reyd davomida bir bosh to‘ng‘izning bosh qismi yotganligi ma’lum bo‘ldi.
Holat ekologiya organlari vakolati doirasida rasmiylashtirilgan.
Mas’ulning ta’kidlashicha, “Hisor” davlat qo‘riqxonasi hududida uchraydigan va muhofazaga olingan tog‘ echkilari va boshqa yovvoyi hayvonlarning noqonuniy ovlanishi yangilik emas. Tanhozdaryo bo‘limi hududining qarovsizligi, qo‘riqchilarning o‘z ishlariga mas’uliyatsizligi sababli 2021 yilda ham ikki bosh tog‘ echkisi brokonerlik oqibatida ovlab o‘ldirilganligi aniqlangan.
Qo‘riqxonaning bufer zonasi yoki unga tutash tog‘li hududda faqat “Hisor” davlat qo‘riqxonasida uchraydigan yovvoyi hayvonlar shoxi, bosh qismi yoki ularning terilarining uchrashi bu qo‘riqxonada noqonuniy ov bo‘layotganiga ishoradir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri