Sirdaryoda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun hisobot topshirish tartibi hamda raqamli xizmatlardan samarali foydalanish masalasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Viloyat Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda e-ngo.uz elektron platformasi orqali hisobotlarni topshirish tartibi, tizimning asosiy imkoniyatlari va texnik jihatlari batafsil tushuntirildi. Shuningdek, hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish, jarayonni soddalashtirish va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish yo‘llari ham muhokama qilindi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari har yili 1 fevralga qadar o‘tgan yil davomida amalga oshirgan faoliyati yuzasidan adliya organlariga hisobot taqdim etishi shart. Ushbu talablarning ijrosini ta’minlash va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlari seminarning asosiy mavzusini tashkil qildi.

Seminarda ishtirok etgan Adliya boshqarmasining mas’ul xodimi Sardor Xalilov viloyatda faoliyat yuritayotgan 400 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari hisobot topshirish tartibi va ularga ko‘rsatilayotgan raqamli xizmatlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, e-ngo.uz axborot tizimi orqali hisobotlarni elektron shaklda topshirish tashkilotlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ishlarini tizimlashtirish va faoliyat shaffofligini ta’minlashda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir davomida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi, grant loyihalarini ishlab chiqish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda tashkilotlar faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalarida fikr-mulohazalar almashildi.
Adliya organlari ma’lumoticha, bunday seminarlar nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlarining huquqiy bilimlarini mustahkamlash, institutsional salohiyatini oshirish va faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiq yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida ham muntazam ravishda o‘tkaziladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri